Jomboyda fermer xo‘jaligi yerini 30 000 AQSh dollariga sotmoqchi bo‘lgan shaxs ushlandi
Viloyat IIB xabariga ko‘ra, bu haqda ichki ishlar boshqarmasiga o‘ziga yer kerak bo‘lgan tadbirkor xabar qilgan. Uning arizasiga ko‘ra, tadbirkorlik qilish uchun yer izlab yurgan vaqtida, Jomboy tumani Jurriyat mahallasida yashovchi o‘zini fermer xo‘jalik rahbari deb tanishtirgan «Q.V.» ismli shaxs tumanning Haqiqat massivi hududida joylashgan fermer xo‘jaligining 0.23 gektar yer maydonini olib berishni va’da qilgan. Yerni 30 000 AQSh dollariga sotishini va soxtalashtirish orqali uning nomiga ajratilganligi to‘g‘risida hujjat tayyorlab berishini va’da qilgan. Shu maqsadda, oldindan 5 000 AQSh dollari miqdorida pul so‘ragan.
Tadbirkor arizaga asosan, Samarqand viloyat IIB JQB Korrupsiya va iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish bo‘limi Yer resurslari talon-toroj qilinishiga qarshi kurashish bo‘linmasi, DXX viloyat boshqarmasi va viloyat prokuraturasi xodimlari hamkorligida, o‘tkazilgan tezkor tadbir davomida, «Q.V.» ariza muallifidan oldindan 5000 AQSh dollari olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan qo‘lga olingan.
Mazkur holat yuzasidan tergovga qadar tekshirish harakatlari olib borilmoqda.