Jomboyda yo‘lovchi ayol avtomashinani olib qochdi
Joriy yilning 4 iyul kuni Jomboy tumanida yashovchi 71 yoshli K.R. tuman IIBga ariza bilan murojaat qilgan.
IIB ma’lumotiga ko‘ra, K.R. joriy yilning 4 iyul kuni soat 06:30 da o‘zini boshqaruvida bo‘lgan “SPARK” avtomashinasida Jomboy tuman markazida harakatlanayotgan vaqtida, yo‘l-yo‘lakay shu yerda bo‘lgan ayolni yo‘lovchi sifatida olib, uni Jomboy tumani Zarafshon mahallasida joylashgan o‘rmon xo‘jaligi hududiga olib borishiga kelishgan.
Ayolni aytgan manziliga olib borayotib, ma’lum sabab bilan yo‘lda avtomashinadan tushgan vaqtida, ayol uning ruxsatisiz mashinani noma’lum tomonga olib qochgan.
Ushbu avtomashinani qidirib topish maqsadida, viloyat miqyosida «To‘sib ushlash» tadbiri e’lon qilinib, barcha YPX maskanlariga, YHXB xodimlariga bu haqda xabar berilgan. Natijada jabrlanuvchiga tegishli avtomashina noma’lum ayol tomonidan Tayloq tumani Galabotir mahallasi hududida boshqarib borayotgan vaqtida to‘xtatilib, rasmiylashtirib olingan. Ushbu ayolning shaxsiga aniqlik kiritganda, u Jomboy tumani Dehqonobod mahallasida yashovchi 21 yoshli D.N. ekanligi va spirtli ichimliklar ta’sirida bo‘lgani aniqlangan.
Holat yuzasidan Jomboy tumani IIB huzuridagi Tergov bo‘linmasi tomonidan D.N.ga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksning 267-moddasi 1-qismi (transport vositasini olib qochish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, D.N. protsessual tartibda ushlangan.
Hozirda jinoyatning kelib chiqish sabablari o‘rganilmoqda, tergov davom etmoqda.
Eslatib o‘tamiz, yuqorida ko‘rsatilgan jinoyatni sodir etganlik uchun Jinoyat kodeksida 5 yildan 10 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan bog‘liq jazo qo‘llanilishi belgilangan.