Jomboyda mehmonxona, sanatoriy, hayvonot bog‘i va turistik maskanlar quriladi

Jomboy tumanida hududning geografik joylashuvi hisobga olinib, tadbirkorlar tomonidan 1 ta mehmonxona, 2 sanatoriya, 1 ta hayvonot bog‘i, 15 ta dam olish maskani va 21 ta boshqa yo‘nalishlar bo‘yicha turistik maskanlar qurish loyihalari ishlab chiqilgan. Turistik maskanlar xalqaro ahamiyatdagi M-39 yo‘liga yaqin hududlarda bunyod etiladi.

Bu haqda tuman hokimligida o‘tkazilgan matbuot anjumanida Qayum Sobirov ma’lum qildi.

Tuman hokimining ta’kidlashicha, loyihalar amalga oshishi natijasida 480 ta yangi ish o‘rni yaratiladi. Bugungi kunda 1,5 ming nafar mahalliy va 250 nafar xorijiy fuqarolarga xizmat ko‘rsatilib, yillik byudjetga 10 million so‘mlik tushum undirilmoqda.

Loyihalar to‘liq ishga tushirilishi bilan 2020-2021 yillarda 50 ming nafar xorijiy fuqaroga xizmat ko‘rsatiladi. Natijada byudjetga 5 milliard so‘m tushum tushirilishiga erishiladi.

Shuningdek, ziyorat turizmini rivojlantirish uchun hududdagi 10 yaqin mahallada joylashgan muqaddas qadamjolar obodonlashtiriladi.

– Bugungi kunda 1,5 ming nafar mahalliy va 250 nafar xorijlik sayyohlarga xizmat ko‘rsatilib, 10 million so‘m tushum ta’minlanmoqda, – dedi Q.Sobirov. – Bu mavjud imkoniyatlarni hisobga olsak, juda kam. Birgina Zarafshon milliy qo‘riqxonasi imkoniyatidan yetarlicha foydalana olmayapmiz.

H.ELTOYeV.