Hukumatning qarori ijrosi kechikmaydi (mi?)

O‘tgan yili, aniqrog‘i 2021 yil 15 iyunda Vazirlar Mahkamasining Payariq tumanini kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida qarori qabul qilingan edi.

2021-2022 yillarga mo‘ljallangan bu qarorda katta-katta rejalar belgilangan. Jumladan, qaror bilan umumiy qiymati 741,1 mlrd. so‘mlik 92 ta loyihani amalga oshirish va 2550 ta yangi o‘rni yaratish ko‘zda tutilgan.

Tuman hokimligidan olingan ma’lumotlarga ko‘ra, qayd etilgan ko‘rsatkich hali yarmiga ham yetmagan. Amalda 67,70 mlrd. so‘mlik 63 ta loyiha ishga tushirilib, 250 ta yangi ish o‘rni yaratilgan. (Taxminan 10 foizga yaqin.)

Albatta, amalga oshirilgan ishlar yo‘q emas. Ammo bajarilmaganlari masala jiddiy e’tiborga muhtojligini ko‘rsatmoqda. Misol uchun, tuman markazi va Chelak shahrida 25 kilometrdan oqova suv tarmoqlari tortish, 1 donadan oqova suvlarni tozalash inshootlari qurish,ishlari amalga oshirilmagan.

Shuningdek, tumandagi ichimlik suv ta’minoti og‘ir bo‘lgan 5 ta mahallada 7 ta suv inshooti va 27,3 kilometr ichimlik suv tarmoqlarini yangidan qurish, Chelak shahri atrofidagi ichimlik suv ta’minoti og‘ir bo‘lgan 4 ta mahallada 4 ta suv inshooti va 16,9 kilometr ichimlik suv tarmoqlarini yangidan qurish uchun hali ham mablag‘ ajratilmagan.

Xo‘ja Ismoil mahallasida qurilayotgan ob’yektlar uchun har xil diametrli gaz quvurlari tortilmagan.

Tumanda 2 200 gektar tomchilatib sug‘orish texnologiyasi joriy etilgan tokzor maydonlarga subsidiya ajratish choralari ko‘rilmasdan qolmoqda.

Qaror ijrosini ta’minlashga 5 oy vaqt qoldi. Uni ijro etuvchi mutasaddi, mutaxassis va mas’ul kishilar ishni jadallashtirish choralarini ko‘radi, deb umid qilamiz.