Huquqiy madaniyatni yuksaltirishda jamoatchilik ta’siri qanday?
X asrda yashab o‘tgan ulug‘ alloma va shoir Abubakr Abulxayrdan “Haqiqat nima?” deb so‘raganlarida “Haqiqat – barcha narsalarning ilmda zohir bo‘lishi”, deb javob bergan ekan. Darhaqiqat, ilm barcha narsalarning haqiqatga aylanishidir. Inson esa doim haqiqat izlash tarafdori bo‘lib kelgan.
Jizzax politexnika institutida bo‘lib o‘tgan respublika ilmiy-amaliy konferensiyasi ishtirokchilari ham tom ma’noda haqiqat izlovchilari bo‘ldi. “Yuksalish” umummilliy harakati Jizzax viloyat hududiy bo‘linmasi hamda viloyat “Istiqbol” mintaqaviy tadqiqot markazi hamkorligida “Huquqiy madaniyatni yuksaltirishda jamoatchilik ta’sirini oshirishning innovatsion omillari” mavzusida tashkil etilgan konferensiya ilm vakillarini bir davra atrofida birlashtirdi.
Tadbirda mamlakatimizning turli oliy ta’lim muassasalarida faoliyat ko‘rsatib kelayotgan ilm-fan namoyandalari, professor-o‘qituvchilar, mustaqil izlanuvchi-tadqiqotchilar, ilmiy va ommabop jurnallar muharrirlari, magistrant va talaba-yoshlar ishtirok etdi.
– Mazkur konferensiya nafaqat tanlangan mavzuning dolzarbligi, balki nodavlat notijorat tashkilotlari tomonidan uyushtirilayotganligi bilan ham muhim ahamiyat kasb etadi, – deydi Samarqand davlat universiteti falsafa fanlari doktori, professor Jo‘raboy Yaxshilikov.
Konferensiya ishida “GloTurLife” xalqaro jurnali muharriri Husan Akbarovning “Andijon viloyatining tabiat yodgorliklari hamda uning muhofazasiga oid chora-tadbirlar” mavzusidagi chiqishi ishtirokchilarda yorqin taassurot qoldirdi.
Shuningdek, tadbirda so‘z olganlar jamiyat huquqiy madaniyat, inson huquqlarini ta’minlash, boshqaruv jarayonida qaror qabul qilishda jamoatchilik ta’sirini oshirish, milliy yuksalish sharoitida siyosiy partiyalarning roli va mas’uliyatini oshirish kabi mavzularida o‘z fikr-mulohazalarini bildirishdi.
Tadbir so‘ngida faol ishtirok etgan ilmiy xodim va pedagoglarga maxsus sertifikatlar topshirildi.
Abdug‘affor Abdurahmonov,
“Yuksalish” umummilliy harakati Jizzax viloyati hududiy bo‘linmasi koordinatori.