Ichki turizm imkoniyatlari namoyishi
Yurtimizda ichki turizmni rivojlantirish, turizm yo‘nalishida faoliyat yuritayotgan tadbirkorlik sub’yektlari o‘rtasida hamkorlik aloqalarini rivojantirish maqsadida “O‘zbekiston bo‘ylab sayohat qil!” dasturi asosida barcha hududlarda o‘tkazilayotgan ichki turizm yarmarkasi Samarqandda ham tashkil etildi.
Respublikamizning turli hududlarida faoliyat yuritayotgan sayyohlik firmalari, turoperatorlar, mehmonxona xizmatini ko‘rsatuvchi tashkilotlar va boshqa turizm yo‘nalishida faoliyat yuritayotgan tadbirkorlik sub’yektlari vakillari Registon ansamblida jam bo‘lishdi. Mirzo Ulug‘bek madrasasi hovlisida o‘tkazilgan yarmarkada yurtimizning turli hududlarida faoliyat yuritayotgan tadbirkorlar ichki turizm bo‘yicha o‘z imkoniyatlarini namoyish etib, o‘zaro hamkorlikni o‘rnatish, turizmni rivojlantirish borasida takliflarini muhokama qilish imkoniyatiga ega bo‘lishdi.
– Turizmni rivojlantirishga qaratilayotgan e’tibor tufayli 2017 yilda sohada ish boshlaganmiz, – deydi Farg‘ona viloyatida faoliyat yurituvchi “Mashhura travel” oilaviy korxonasi rahbari E’zoza Rahmonova. – Faoliyatimiz ichki turizmga ixtisoslashgan. Dastlabki yillarda asosan bahor va yoz oylarida mijoz bo‘lar edi, qolgan vaqtda deyarli ish bo‘lmasdi. Keyingi ikki yilda doimiy faoliyat bilan shug‘ullanyapmiz. Soha rivoji uchun tizimda to‘liq shaffoflik ta’minlansa, ichki turizm yanada rivojlanadi. Ayniqsa, transport tizimi bilan bog‘liq chiptalar masalasi ijobiy yechim topsa turfirmalar yanada samarali faoliyat yuritadi. Bugungi yarmarka ham hamkorlarimiz safini kengaytirib, o‘zaro manfaatli turpaketlarni tashkil qilish imkonini yaratmoqda. Xususan, Samarqand va Toshkent shaharlarida faoliyat yurituvchi sayyohlik firmalari bilan fikr almashib, takliflarimizni bildirdik. Nasib etsa, joriy mavsumda yangi yo‘nalishlarni tashkil etamiz.
Ko‘rgazmada faqatgina sayyohlik firmalari emas, balki ularga xizmat ko‘rsatuvchi tashkilotlar ham o‘z xizmatlari, mahsulotlari bilan ishtirok etishdi. Jumladan, Toshkent shahrida faoliyat yurituvchi “G‘ulomxo‘ja asalchiligi” fermer xo‘jaligi tomonidan namoyish etilgan mahsulotlar ko‘rgazma ishtirokchilarida katta qiziqish uyg‘otdi.
– Xo‘jaligimizda tabiiy asal, turli mevalardan tayyorlangan murabbolarni bir martalik maxsus kichik idishlarda qadoqlaymiz, – deydi fermer xo‘jalik vakili Usmonxo‘ja Qodirxo‘jayev. – Mahsulotlarimiz mehmonxonalar, savdo majmualari, yirik ishlab chiqarish korxonalari uchun mo‘ljallangan. Talabga qarab oziq-ovqat mahsulotlarni xuddi shunday kichik hajmlarda tayyorlab berish imkoniyatimiz bor. Bugungi kunda asosiy hamkorlarimiz Toshkent shahri va viloyatida faoliyat yurituvchi sub’yektlardan iborat. Bugungi yarmarkada sayyohlik firmalari, mehmonxonalar mahsulotlarimizga jiddiy qiziqish bildirdi.
Yarmarkada samarqandlik hunarmandlar tomonidan tayyorlangan milliy mahsulotlar, kiyimlar namoyishlari tashkil qilindi.
Yakunda yarmarka ishtirokchilari tashkilotchilar tomonidan esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.
A.ISROILOV