Sayyohlik-rekratsion mintaqa - Prezident qarori ijrosi samarasi
Prezidentning 2024 yil 6 fevraldagi qaroriga muvofiq, Samarqand tumanida «Ohalik – Oqbo‘yro – Mironqul» turistik-rekreatsion zonasi tashkil etildi.
Mazkur hududni rivojlantirish va samarali boshqarish maqsadida tuman hokimligi huzurida davlat muassasasi shaklida «Ohalik – Oqbo‘yro – Mironqul» turistik-rekreatsion zonasi direksiyasi faoliyati yo‘lga qo‘yilgan. Bugungi kunda ushbu hudud nafaqat tuman, balki viloyatning muhim turistik manzillaridan biriga aylanib, har yili 1,1 million nafar sayyoh tashrif buyurmoqda.
– Ayni paytda «Ohalik – Oqbo‘yro – Mironqul» turistik-rekreatsion zonasi hududida 170 ga yaqin kichik va 50 dan ortiq yirik dam olish maskanlari faoliyat yuritmoqda, – deydi direksiya rahbari Faridun Hotamov. – Hozirda hududning 350 gektar yer maydoni uchun master-reja ishlab chiqilgan bo‘lib, E-auksion elektron savdosi orqali 85 ta yer uchastkasi chiqarilgan. Kelgusida hududdagi uchta mahallada etnoturizm, ekoturizm, agroturizm va ekstremal turizm yo‘nalishlarini rivojlantirish maqsadida 185 ta investitsiya loyihasini amalga oshirish ko‘zda tutilgan. Natijada turistik-rekreatsion zonaga tashrif buyuruvchilar soni yiliga 2,7 million nafarga yetkaziladi. Shuningdek, tog‘li hududlarda jami 250 dan ortiq yangi loyihani ishga tushirish orqali turizm sohasini yanada rivojlantirish va ikki mingdan ziyod yangi ish o‘rinlarini yaratish rejalashtirilmoqda.

Tog‘li hududda joylashgan ushbu maskanlar betakror tabiati, musaffo havosi va yoz faslidagi salqin iqlimi bilan mahalliy hamda xorijiy sayyohlarni o‘ziga jalb etib kelmoqda. Turizm infratuzilmasining bosqichma-bosqich takomillashtirilishi natijasida joriy yilning dastlabki besh oyida tumanga 850 ming nafardan ortiq xorijiy va 680 ming nafar mahalliy sayyoh tashrif buyurgan. Kelgusi yildan boshlab mazkur ko‘rsatkichlar o‘sishi kutilmoqda. Chunki shu yilning aprel oyida tumanning Yangijo‘y mahallasi hududida joylashgan Oqbo‘yro aholi punktiga «Turizm qishlog‘i» maqomi berildi.
– «Yangijoy» mahalla fuqarolar yig‘inida qishloq xo‘jaligi, xizmat ko‘rsatish va turizm hudud iqtisodiyotining asosiy rivojlanish drayverlari sifatida belgilangan, – deydi mahalla hokim yordamchisi Asliddin Barotov. – Mahalla tarkibidagi 7 ta aholi punktida 1374 ta xonadon bo‘lib, ularda 5394 nafar aholi istiqomat qiladi. Yil boshidan buyon aholi bandligini ta’minlash va daromad manbalarini kengaytirish bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar natijasida ishsizlar soni 92 nafardan 40 nafargacha qisqardi. Ayni paytda davlat ijtimoiy muhofazasiga muhtoj bo‘lgan 17 ta kambag‘al oilani qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha manzilli chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.

Joriy yilning aprel oyida Oqbo‘yra qishlog‘iga «Turizm qishlog‘i» maqomi berilishi hududning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishida muhim omil bo‘ldi. Bu yerda 14 ta uy mehmonxonasi, 30 ga yaqin oilaviy dam olish maskanlari, cho‘milish havzalari, ot va mototsikllarda sayr xizmatlari, suvenirlar savdosi shoxobchalari hamda agro va ekoturizm ob’yektlari tashkil etilgan. Amalga oshirilgan mazkur loyihalar natijasida qariyb 200 ta yangi ish o‘rni yaratildi. Kelgusida mahalliy va xorijiy sayyohlar oqimini yanada oshirish maqsadida hududning muhandislik-kommunikatsiya va turistik infratuzilmasini takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha loyihalar rejalashtirilgan.

Yaqinda mazkur hududda yana bir yirik turistik loyiha ishga tushirildi. Tadbirkor Begzod Ahmedov tashabbusi bilan «Oqbo‘yro» turistik-rekreatsion zonasi va Ohalik tog‘lari hududidagi 7 gektar maydonda barpo etilayotgan zamonaviy «Zarra Resort & Spa» majmuasining birinchi bosqichi foydalanishga topshirildi. Loyiha to‘liq quvvat bilan ishga tushirilgandan so‘ng yil davomida 300 ming nafardan ziyod mehmonga xizmat ko‘rsatish imkoniyati yaratiladi. Zamonaviy talablar asosida qurilgan mazkur majmua sayyohlar uchun yuqori darajadagi dam olish va xizmat ko‘rsatish imkoniyatiga ega.

– Majmuaning ishga tushirilishi hududning turizm salohiyatini yanada yuksaltirish, aholi bandligini ta’minlash, yangi ish o‘rinlarini yaratish, xizmatlar turini kengaytirish hamda mahalliy va xorijiy sayyohlar oqimini sezilarli darajada oshirishga xizmat qilmoqda, – deydi ob’yekt ish boshqaruvchisi Iso Mamatqulov. – Ayni paytda majmuada zamonaviy talablar asosida barpo etilgan, 300 nafar mehmonni qabul qilish imkoniyatiga ega bo‘lgan 12 ta shale uyi faoliyat yuritmoqda. Shuningdek, bir vaqtning o‘zida 450 nafar mehmonga xizmat ko‘rsata oladigan keng va shinam restoran, milliy an’analarni o‘zida mujassam etgan supalar sayyohlar ixtiyorida. Majmuada mehmonlarga yuqori darajadagi servis ko‘rsatishga alohida e’tibor qaratilgan.

Bu yerda mehnat qilayotgan xodimlar mahalliy va xalqaro standartlar bo‘yicha maxsus tayyorgarlikdan o‘tgan bo‘lib, tegishli sertifikatlarga ega. Zamonaviy infratuzilma, qulay shart-sharoitlar va malakali xizmat ko‘rsatish tizimi mehmonlarning mazmunli hordiq chiqarishi uchun keng imkoniyat yaratmoqda. Kelgusida majmuada qo‘shimcha dam olish maskanlari, ko‘ngilochar xizmatlar va turizm yo‘nalishidagi yangi loyihalarni amalga oshirish ham rejalashtirilgan.

Fazliddin RO‘ZIBOYeV.