Sayohat, ham ziyorat

Uch yildan buyon noyabr oyi yurtimizda “Keksalar uchun turizm oyligi” deb e’lon qilingan. Oylik doirasida Samarqand viloyat mahalla va nuroniylarni qo‘llab-quvvatlash boshqarmasi va uning hududiy bo‘limlari, nuroniylar jamoatchilik kengashlari tomonidan keksa avlod vakillarining yurtimizdagi tarixiy maskanlarga sayohati tashkil etilmoqda.

– Tumanimizda yil boshidan buyon 400 nafardan ortiq nuroniy Toshkent, Buxoro, Xiva, Termiz, Shahrisabz, Samarqand shaharlariga sayohatga borib keldi, – deydi Urgut tumani nuroniylar jamoatchilik kengashi raisi Farmon Azizov. – Ayni chog‘da tumanimiz nuroniylarining Samarqand shahridagi xalqaro turistik markazga sayohati uyushtirilmoqda. Har kuni 20-30 nafar otaxon va onaxonlar yangi sayyohlik markazi va shahardagi boshqa muqaddas qadamjolarni ziyorat qilib kelyapti. Bundan tashqari, tumanimizdagi G‘avsul A’zam, Chorchinor qadamjolariga sayohatlar tashkil etilmoqda. Gap faqat sayohatda emas, avvalo, nuroniylarimizning vaqtini mazmunli o‘tkazish, qolaversa, yurtimizda amalga oshirilayotgan bunyodkorlik ishlari bilan ularni yaqindan tanishtirishda.

Ma’lumotlarga ko‘ra, oylik doirasida tumandagi oilaviy shifokorlik punktlari va poliklinikalarda keksalar tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilmoqda. Uyda yotib qolgan 133 nafar keksalar holidan xabar olinib, ularga oziq-ovqat mahsulotlari va dori-darmon tarqatildi. Mahalla fuqarolar yig‘ini ko‘magida 72 nafar birinchi guruh nogironi va 58 nafar o‘zgalar parvarishiga muhtoj qariyalar xonadonida obodonlashtirish ishlari amalga oshirildi.