Samarqandda suv havzalaridagi sayyohlik yo‘nalishlariga qiziqish ortmoqda
Yaqin-yaqingacha yurtimizga kelayotgan sayyohlarning asosiy tashrif manzillari tarixiy shaharlar, ulug‘ qadamjolar va ayrim madaniy meroslar bilangina cheklanar edi. Shu sababdan asosan havo salqin bo‘lgan bahor va kuz oylarida sayyohlik biroz jonlanardi, xolos.
Hozirda bir necha yangi sayyohlik yo‘nalishlari, turizm manzillari paydo bo‘lmoqda. Xususan, suv havzalari qirg‘oqlarida tashkil etilayotgan dam olish maskanlari, kempinglar tashkil etilmoqda.
Viloyat turizm va madaniy meros boshqarmasi tomonidan Kattaqo‘rg‘on va Qoratepa suv omborlari negizida tashkil etilgan dam olish maskanlariga uyushtirilgan press-turda ishtirok etgan mutaxassislar hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ushbu maskanlar faoliyati bilan tanishdi.
- Tahlillarga ko‘ra, sayohat davomida suv havzasida xordiq chiqarish eng muhim jihatlardan biri, - deydi viloyat Turizm va madaniy meros bosh boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Dilshod Narziqulov. – Shu talabdan kelib chiqib, viloyatimizdagi suv havzalari, xususan, suv omborlari qirg‘oqlarida dam olish maskanlari kompleksini tashkil etyapmiz. Bu albatta, mahalliy hamda xorijiy sayyohlarning oqimi ortishiga sezilarli ta’sir qildi.
Kattaqo‘rg‘on suv ombori qirg‘oqlarida tashkil etilgan dam olish maskanlari ushbu yo‘nalishdagi samarali loyihalardan biri. Bu yerda tadbirkorlar tomonidan sayyohlar maroqli dam olishlari uchun barcha sharoitlar yaratilgan. Cho‘milish havzasi, oshxona va boshqa zarur xizmatlar yo‘lga qo‘yilgan.
Shu yil may oyida suv omboriga 15 kilometr uzoqlikdagi Qozoqovul qishlog‘ida 30 o‘rinli “Nurshod” mehmonxonasi ish boshladi.
- Mehmonxona umumiy loyiha qiymati 3 milliard so‘mni tashkil qiladi, - deydi “Gulazizam servis” MChJ rahbari Shamshod Uzoqov. – Xalq bankidan bir milliard so‘m kredit olib faoliyatimizni boshlagan edik. Bir oyda besh yuzdan ortiq mijozga xizmat ko‘rsatish imkoniyatiga egamiz. Yaqin kelajakda suv omboriga olib boruvchi yo‘l ta’mirlanishi, ushbu yo‘nalishda sayyohlik marshruti yo‘lga qo‘yilishi rejalashtirilgan.
Suv ombori qirg‘oqlarida tadbirkorlar tomonidan dam olish maskanlari tashkil qilinib, bu yerda dam oluvchilarga katamaran va qayiqda sayr qilish xizmatlari yo‘lga qo‘yilgan.
Urgut tumanining Qoratepa suv ombori ham sayyohlarning ana shunday sevimli manzillaridan biri. “Tourist SKD” MChJga qarashli xizmat ko‘rsatish va dam olish maskanida rekratsion va plyaj hudud tashkil etilgan.
Bu dam olish maskani Teshiktosh tabiat mo‘jizasi ekoturizm ob’yektiga tashrif buyuruvchilar hamda Samarqand-Shahrisabz yo‘nalishida sayohatga chiquvchilar uchun qo‘shimcha dam olish va hordiq chiqarish maskani sifatida ham muhim ahamiyatga ega.
Bu maskan sayyohlar borishi uchun qulay va go‘zal tabiat bilan hamohang hududda, tog‘lar bag‘rida joylashganligi ham xorijiy sayyohlar e’tiborini tortadi. Bu yerda dam oluvchilar katamaran va qayiqlarda sayr qilib, tabiat go‘zalligidan bahra olishlari mumkin.
Turizmning ushbu tarmog‘ida kelajakda yana bir qancha istiqbolli loyihalar ko‘zda tutilgan. Bu orqali yaqin yillar ichida viloyatimizda sayyohlar oqimi ortadi.