Samarqandda sayyohlik mavsumiy emas, doimiy jarayonga aylanishi kerak

Samarqand shahridagi yoshlar markazida viloyat va shahar sektor rahbarlari, milliy gvardiya, favqulodda vaziyatlar boshqarmalari va boshqa mutasaddi tashkilotlar mas’ullari hamda turistlarga xizmat ko‘rsatadigan tadbirkorlar ishtirokida uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

Unda tungi vaqtda faoliyat yurituvchi umumiy ovqatlanish korxonalari va ko‘ngilochar ob’yektlar faoliyatini tartibga solish va to‘g‘ri yo‘lga qo‘yish masalalari muhokama qilindi.

– Turizm nafaqat Samarqand shahri, balki viloyatimiz iqtisodiyotining asosiy yo‘nalishlaridan biri hisoblanadi, – dedi viloyat hokimi E.Turdimov. – Keyingi paytda yurtimizda sayyohlikni zamon talablari darajasida rivojlantirish, mahalliy va xorijlik sayyohlar uchun har tomonlama qulay sharoit yaratishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Soha sub’yektlari va sayyohlar uchun juda katta imtiyoz va imkoniyatlar yaratildi, viza va boshqa tartiblar takomillashtirildi. Davlatimiz har gal Samarqandga kelganlarida bu borada amalga oshirishimiz kerak bo‘lgan vazifalarni belgilab bermoqda. Pandemiyadan keyin sekin-asta ushbu soha o‘z holiga qaytmoqda. Samarqand shahrida sayyohlar ko‘payib qoldi. Endi gap ularga sifatli xizmat ko‘rsatish, maroqli hordiq chiqarishlariga imkoniyat yaratish, Samarqandda bir necha kun qolishlariga va yana qaytib kelishlariga erishish. Umuman, sayyohlikning mavsumiy emas, doimiy jarayonga aylantirishimiz kerak.

Uchrashuvda yaqinda Samarqand shahrida yuzaga kelgan sayyohlar bilan bog‘liq vaziyatga ham e’tibor qaratilib, ichki ishlar xodimlarining xatti-harakati tanqid qilindi. Ayni paytda mazkur holat yuzasidan tegishli idoralar tomonidan xizmat tekshiruvi olib borilayotgani va ichki ishlar idoralari xodimlarining xatti-harakatiga huquqiy baho berilishi qayd etildi.

Tadbirda shahardagi ovqatlanish korxonalari, ko‘ngilochar va savdo ob’yektlari, madaniyat tashkilotlarining jamoat xavfsizligi va aholi osoyishtaligini ta’minlagan holda to‘sqinliksiz faoliyat ko‘rsatishini ta’minlash lozimligi qayd etildi. Bunda Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 24 iyuldagi “Tungi vaqtda faoliyat yurituvchi umumiy ovqatlanish korxonalari va ko‘ngilochar ob’yektlarda jamoat xavfsizligini ta’minlashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida"gi qarori va boshqa tartiblarga rioya etish zarurligi ta’kidlandi.