Imkoniyati cheklangan yigit ortopedik oyoq kiyimlar ishlab chiqaryapti

Bulung‘ur tumani Gulzor mahallasida yashovchi Muhriddin Abdusattorov ikkinchi guruh nogironi, ammo sog‘lom odamlardan qolishmay hunarmandchilik bilan shug‘ullanib kelmoqda. U asosan, oyog‘ida nuqsoni bor shaxslar uchun maxsus poyabzallar tayyorlaydi.

Muhriddin ishini dastlab o‘zining ehtiyoji uchun oyoq kiyim tayyorlashdan boshlagan. Keyinchalik o‘zi kabilarga qulaylik yaratish maqsadida turli xil poyabzal mahsulotlari ishlab chiqarib, tadbirkorligini yo‘lga qo‘ygan.

Qahramonimiz maktabni bitirib, Samarqand tumanida joylashgan imkoniyati cheklangan shaxslar uchun ixtisoslashtirilgan kollejda poyabzal ishlab chiqarish yo‘nalishi bo‘yicha hunar o‘rgandi.

- Kollejda 2 yil davomida shu yo‘nalish bo‘yicha boshlang‘ich bilim va ko‘nikmalarga ega bo‘ldim, - deydi u. - O‘qishni tamomlab, Samarkand shahridagi ayrim xususiy korxonalarda malakamni oshirdim. Ham ish o‘rgandim, ham oylik oldim. Menga og‘ir yuk ko‘tarish, ko‘p yurish mumkin emas. Shuning uchun bu ish menga juda ma’qul bo‘lgan.

U 2021 yilning yanvar oyida o‘zi yashaydigan mahalla hududida ustaxona ochib, mustaqil poyabzal ta’mirlash va ishlab chiqarish bilan shug‘ullana boshladi. Yosh hunarmand, avvalo, o‘z ehtiyoji uchun maxsus poyabzal tayyorladi. Keyinchalik oyog‘ida nuqsoni bo‘lgan tumandoshlari uchun murakkab turdagi oyoq kiyimlari ishlab chiqarishni maqsad qildi.

Ayrim imkoniyati cheklangan shaxslarning oyog‘iga mos poyabzal tayyorlashga harakat qilaman, - deydi Muhriddin Abdusattorov. - Kimningdir bir oyog‘i rivojlanmay qolgan bo‘lishi mumkin. Shuning uchun kimgadir bir poyi baland, biri esa past taglikka ega poyabzal kerak bo‘ladi. O‘lchamini olib, oyoq kiyim tayyorlab beraman. Ular sog‘lom insonlardek yurishi mumkin.

Muhriddin Abdusattorov “Ortopedik shoes sifat” mas’uliyati cheklangan jamiyatini tashkil qildi. Yosh tadbirkor ayni paytda ushbu korxona faoliyatini kengaytirish harakatida.

- Ijtimoiy himoya milliy agentligining maxsus platformasi yaratilgan, - deydi Bulung‘ur tumani “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazi nogironligi bo‘lgan shaxslar bilan ishlash bo‘limi rahbari Rustam Arslonov. – Bunda tadbirkorlar tomonidan ishlab chiqarilayotgan nogironlar uchun ortopedik mahsulotlar ro‘yxatdan o‘tkaziladi. Respublikaning barcha hududlarida yashovchi nogironligi bo‘lgan shaxslar, uyida turib, shu platforma orqali o‘ziga kerakli mahsulotga buyurtma berishi mumkin. Tumandoshimiz, yosh tadbirkor Muhriddin Abdusattorov tayyorlayotgan murakkab turdagi ortopedik oyoq kiyimlar ham ushbu platformaga joylashtirilishi rejalashtirilgan.

Agar mahsulotlarim mazkur platformaga joylashtirilsa, mijozlarim ko‘payadi, - deydi M.Abdusattorov. – Shu ish amalga oshsa, korxonam faoliyatini ham kengaytirib, yangi ish o‘rinlari yaratish niyatim bor.

Qahramonimiz nafaqat nogironlar uchun, balki sog‘lom erkaklar uchun ham poyabzallar tayyorlayapti. Imkoniyati cheklangan bo‘lsa-da, birovlardan yordam kutib emas, aksincha, ba’zi ehtiyojmandlarga ko‘mak ko‘rsatyapti. Qo‘l mehnati orqali halol rizq topayotgan ana shunday yoshlarni ayrimlarga o‘rnak qilib ko‘rsatsak arziydi.

Dilnoza Ahmadova,

Azizbek Rajabov (video).