’’Brayl fon" imkoniyati cheklanganlar uchun imkoniyat

Prezident qo‘lidan "Kelajak bunyokori" medalini olishim shu kabi yana ko‘plab yangi startap loyihalar ustida ishlashim uchun ruh va ishonch berdi.

Maktabni bitirar chog‘larim o‘zimning qiziqishim va akamning maslahati bilan IT yo‘nalishi bo‘yicha o‘qishga hujjat topshirdim.

O‘quvchilik davrimda matematika va ingliz tili fanlarini chuqur o‘rganganim sababli oliy ta’lim muassasasiga kirish qiyin bo‘lmadi. Talabalikda shu yo‘nalish bo‘yicha ko‘plab tanlovlarda ishtirok etib, g‘oliblikni qo‘lga kiritganman. Hozirda 10 dan ortiq startap loyihalar muallifiman.

Ijtimoiy qiyinchiliklarga kreativ yondashib, jamiyatdagi muammolarga yechim bo‘ladigan loyihalar yaratish oliy maqsadim. Yaqinda ko‘zi ojizlar uchun mo‘ljallangan ’’Brayl fon" qurilmasini ixtiro qildim. Bu loyiham 6 ta tugma orqali brayl alifbosidagi barcha harflar va raqamlarni xosil qiladi. Uning yordamida xabar yozish qo‘ng‘iroq qilish va boshqa funksiyalarni bajarish imkoniyati mavjud.

30 iyun men uchun unutilmas kun bo‘ldi. Yoshlar kuni munosabati bilan ’’Kelajak bunyodkori" medali bilan taqdirlandim.

Davlatimiz rahbaridan medalni qabul qilib olish jarayonida ko‘z oldimdan barcha qiyinchiliklar, mehnatlar birin-ketin o‘ta boshladi. Bu, albatta, ko‘pchilikning, shu jumladan ustozlarimning, ota-onamning, oila azolarimning mehnatlari, qo‘llab-quvvatlashlari samarasidir.

Mukofotlash jarayonida davlatimiz rahbari barcha taqdirlanganlar bilan gaplashdi. Ularga o‘zining tilaklarini va rahmatlarini aytdi. Menga ham barcha yaratilgan sharoitlardan to‘liq foydalanib, izlanishdan, o‘qishdan hech qachon to‘xtamasligim kerakligini ta’kidlab, ota-onamga rahmatlarini yetkazib qo‘yishimni aytdi.

Kichik-kichik loyihalarim e’tirof etilib, mukofotlanishim menga juda katta ruh, ishonch berdi.

Toshkentdan qaytishim bilanoq jamoamni yig‘ib, yangi startap loyihalar ustida ishlash uchun harakatni boshlab yubordim.

Mahbuba Salimova,

SamDU magistranti.