Imom Moturidiy majmuasi kengaymoqda

Samarqand shahridagi Sharq mahallasida joylashgan Imom Moturidiy yodgorlik majmuasini qayta ta’mirlash va obodonlashtirish ishlari olib borilayotgani sababli shu hududda joylashgan 240 ta aholi xonadonlarini ko‘chirish ishlari davom ettirilmoqda.
- Majmuani kengaytirish maqsadida mahallamizda joylashgan 100 dan ziyod xonadon egalarining roziligi bilan ko‘chirish ishlari olib borilmoqda, - deydi Sharq mahallasi raisi Baxtiyor To‘xtamurodov. - Uy egalariga o‘zlari xohlagan hududdan uy-joylar ajratilmoqda yoki bozor narxlarida puli berilmoqda.
Shuningdek, ko‘chirish ishlari majmua atrofida joylashgan Dari Zanjir, Fidoyilar, Zomini va Yomini mahallalarida ham olib borilmoqda.
Hududda “Hududgaz Samarqand” gaz ta’minoti filiali, “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ viloyat filiali, “Samarqand suv ta’minoti” AJ kabi kommunal xo‘jalik tashkilotlari xodimlari loyihalar asosida tabiiy gaz, elektr energiyasi, ichimlik suvi hamda internet aloqa tarmoqlarini ko‘chirish ishlarini olib bormoqda.
Bugungi kunda qadim "Chokardiza" qabristonining 2,5 gektarga yaqin hududda joylashgan Imom Moturidiy majmuasi qurilish-ta’mirlash ishlaridan so‘ng 4,5 gektar joyni egallashi ko‘zda tutilgan.
- Loyihaga ko‘ra, majmua butun dunyo musulmonlari kelib ziyorat qiladigan yirik qadamjoga aylanadi, - deydi “Madaniy meros LITI” MChJ bosh direktori Jahongir Rahmonov. – Dastlab maqbara to‘liq ta’mirdan chiqariladi. Shuningdek, bu yerda 100 kishilik katta ayvon, erkak hamda ayol namozxonlar uchun masjid, 120 kishiga mo‘ljallangan tahoratxona quriladi. Ikkita minora, 137 ta avtobus va yengil mashina sig‘adigan avtoturargoh, 2 ta favvorali hovuz quriladi. Yangi quriladigan ilmiy markazda kutubxona va majlislar zali joylashadi. Shuningdek, ming tup manzarali daraxt ko‘chatlari o‘tqazilib, bog‘ yaratiladi.
Majmuada bir nechta kichik ayvonchalardan tashqari, estalik sovg‘alar va kitoblar do‘konlari, shuningdek, maxsus kushxona ham barpo etiladi.
Imom Moturidiy ziyoratgohi rahbari Ulug‘bek Alimovning aytishicha, shu vaqtgacha Malayziya, Indoneziya, Turkiya, Rossiya davlatlaridan ziyoratchilar kelgan bo‘lsa, endilikda Suriya, Jazoir, Misr va Iroqdan ham mehmonlar soni oshmoqda. Ayni paytda ham majmua ziyoratchilar uchun ochiq.
Qurilish-ta’mirlash ishlari joriy yil yakunigacha tugashi ko‘zda tutilgan.
Dilmurod To‘xtayev,
Baxtiyor Mustanov (foto).