Samarqandning ma’naviy xazinasiga sayr
Imom Buxoriyning Bag‘dodda imtihon qilinganligi va shu imtihondan so‘ng u buyuk muhaddis sifatida e’tirof etilgani haqidagi fikrlarni eshitganmisiz? Imom Buxoriy xalqaro ilmiy tadqiqot markazida dunyodagi nodir kutubxonalardan biri borligini bilasizmi? Hadis ilmiy maktabida nega birorta samarqandlik talaba yo‘q? Ushbu maktabdagi innovatsion xonalar, talabalarga Misrning mashhur universiteti professorlari dars o‘tishidan xabaringiz bormi?
Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi tomonidan jurnalist va blogerlar uchun o‘tkazilgan bu galgi press-tur ishtirokchilarining markaz haqidagi tasavvurlarini kengaytiribgina qolmay, ruhiy olamiga ham ijobiy ta’sir ko‘rsatdi. Imom Buxoriy majmuasi ziyoratidan boshlangan press-tur xalqaro ilmiy tadqiqot markazidagi shart-sharoitlar, undagi yangiliklarni tanishish bilan davom etdi.
Imom Buxoriy 14 ming kilometrni gohida tuyada, ot-ulovda va piyoda bosib o‘tgan
Xodimlarga yaratilgan shart-sharoitlardan tashqari, markazda Imom Buxoriy markazi muzey fondi ham mavjud. Ilm olish yo‘liga chiqqan Buxoriy aytishlariga qaraganda, safarlari davomida 14 ming kilometr yo‘lni bosib o‘tgan. Muzey fondi xonasida ramziy tarzda shu suratlar chizilgan. Alloma yashab o‘tgan davrda ishlatilgan ashyolar, Qur’on kitobining noyob nusxalari, dunyo miqyosida hattotlik san’atining namunalari, turli yillarda, turli davlatlarda, turli tillarda chop etilgan Imom Buxoriyning asarlari nusxalari muzeydan o‘rin egallagan.
- Markazda dunyoning 27 ta yetakchi islom tadqiqot markazlari, universitetlar bilan hamkorlikka oid memorandumlar imzolandi, - deydi Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi direktori Shovosil Ziyodov. - Buyuk Britaniya, Fransiya, Germaniya, AQSh, Misr, Saudiya Arabistoni, Turkiya, Malayziya, Pokiston, Hindiston, Rossiya, Qozog‘iston, Qirg‘izistondagi ilmiy markazlar bilan hamkorlik aloqalari o‘rnatilgan. Jumladan, Buyuk Britaniyaning Oksford islom tadqiqotlari markazi, Kembrij universiteti, «AlFurqon» fondi, Britaniya kutubxonasi, Londondagi Islom madaniyati markazi bilan hamkorlik yo‘lga qo‘yildi. «AlFurqon» fondining qo‘lyozmalarga oid 117 ta katalogi O‘zbekistonga olib kelindi.
Brayl yozuvidagi «Sahihul Buxoriy» kitobi bor
Markazga shuningdek, Misrdan 130 mingta noyob qo‘lyozma asarlarning elektron nusxalari keltirildi. Misrdan 4 997 ta, Turkiyadan 614 ta, jami 5 611 ta kitob olib kelindi. Saudiya Arabistoni qo‘lyozma fondlaridan Imom Buxoriy asarlarining 34 ta elektron nusxasi keltirilgan.
Darvoqe, markaz kutubxonasida Brayl yozuvidagi «Sahihul Buxoriy» kitobi bor. Bahosi 150 ming AQSh dollariga teng, markazga xorijlik hamkorlar tomonidan beminnat taqdim etilgan eng zamonaviy nusxa ko‘chirish asbobi ushbu noyob kitoblarning nusxasini ko‘chirib, ularning elektron shaklini yig‘ish imkonini bermoqda.
Hadis ilmi maktabida nega samarqandlik talaba yo‘q?
Shuningdek, ishtirokchilar O‘zbekiston musulmonlari idorasi tasarrufidagi Hadis ilmi maktabi faoliyati bilan ham yaqindan tanishdi. Innovatsion, aqlli doskalar bilan jihozlangan sinfxonalar, zamonaviy sport zallari, yopiq suzish havzasi, xorijlik professorlarning dars jarayonlari. Ushbu maktabni ko‘zdan kechirar ekansiz, xorij mamlakatidagi biror o‘quv muassasasiga tushib qolganday his qilasiz o‘zingizni.
- Hadis ilmi maktabida o‘qish muddati 5 yil, ta’lim kunduzgi shaklda bo‘lib, hadis ilmi, diniy fanlar mutaxassisi va arab tili o‘qituvchisi bo‘yicha bakalavr darajasidagi mutaxassis tayyorlanadi, - deydi Hadis ilmi maktabi rektori Olimxon Yusupov. - Hadis fanlarida “Sihohi sitta”, ya’ni islom olamida e’tirof etilgan oltita ishonchli hadis to‘plamlaridagi hadislarni yodlab, ularga yozilgan sharhlar yordamida hadislarning asl insonparvarlik mohiyatini, ezgulik, tinchlik va insoniylik kabi fazilatlarini o‘zlashtirib borishadi.
Hadis ilmi maktabida o‘quv jarayonlarini tashkil etish qadimgi Buxoro, Samarqand, Xiva, Qo‘qon va boshqa madrasalarning o‘qitish an’analarini joriy qilish bilan bir qatorda, quyidagi nufuzli xorijiy ta’lim muassasalarining tajribalari asosida ishlab chiqildi. Maktab mutaxassisligi bo‘yicha ishlab chiqilgan o‘quv reja va fan dasturlari dunyoning yetakchi ta’lim muassasalarining nufuzli 20 nafar ulamolariga (Misr, Turkiya, Buyuk Britaniya, Pokiston, Hindiston) taqdim qilindi va ulardan ekspert xulosalari olindi.
Mutasaddilarning aytishlariga qaraganda, ushbu maktabga mamlakatimizning barcha viloyatlaridan madrasani tugatgan yoshlar imtihondan o‘tgach, qabul qilinadi. Surishtirib ko‘rsam, ular orasida samarqandlik talabalar yo‘q ekan.
Misrning Al-Azhar universiteti professori Mahmud Abdulloh Abdurahmonning dars jarayonlarini kuzatar ekanmiz, talabalar va ustoz o‘rtasidagi munosabat mashg‘ulot arab davlatlaridagi biror zamonaviy muassasada o‘tilayotganday taassurot qoldiradi.
Ishtirokchilar press-turdan yangi ma’lumotlar, yangi taassurotlar bilan chiqib ketar ekan, ruhiy xotirjamlikka ega bo‘lganini bot-bot ta’kidlashdi.
Gulruh MO‘MINOVA.