Imom Moturidiy merosini o‘rganish – ma’naviyat va ilm rivojidagi ulkan qadam

Davlatimiz rahbarining kecha e’lon qilingan “Imom Moturidiy tavalludining 1155 yilligini keng nishonlash to‘g‘risida”gi qarori yurtimizda buyuk mutafakkir va islom ilm-fani taraqqiyotiga ulkan hissa qo‘shgan Imom Moturidiy hazratlarining ilmiy va ma’naviy merosiga bo‘lgan yuksak e’tiborning yorqin ifodasi bo‘ldi, deyish mumkin.
Bu qaror nafaqat Imom Moturidiyning hayoti va ta’limotini yanada chuqur o‘rganishga, balki mamlakatimizda ilm-ma’rifatni yuksaltirish, islom qadriyatlarini asl holatda targ‘ib qilish va sof aqidaviy yo‘nalishni keng yoyishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Samarqandda ulkan muhaddis va mutafakkirlar yetishib chiqqan muqaddas maskanlaridan biri ekani hech kimga sir emas.
Imom Abu Mansur Moturidiy (870-944) islom aqidaviy ta’limoti, xususan, sunniylikning moturidiya maktabini shakllantirgan buyuk mutafakkirlardan biri hisoblanadi. U kishining “Ta’vilotul Qur’on”, “Kitob at-Tavhid” kabi asarlari islomiy ilm-fan rivojiga ulkan hissa qo‘shgan.
U zot ahli sunna val-jamoa ta’limotiga asos solib, inson aqli va vahiy orasidagi muvozanatni saqlash, islomiy aqiydani himoya qilish va ilm-ma’rifatni keng yoyish borasida beqiyos xizmat qilganlar.
Ushbu qaror bilan Imom Moturidiy tavalludining 1155 yilligi doirasida keng qamrovli ilmiy-ma’rifiy tadbirlar tashkil etilishi nazarda tutilgan. Bu jarayon nafaqat yurtimizda, balki xalqaro miqyosda ham islom ilmiy merosini targ‘ib qilish, Imom Moturidiy ta’limotini keng tadqiq qilish va yosh avlodga uning aqidaviy maktabini chuqur o‘rgatish uchun katta imkoniyat yaratadi.
Bugungi kunda islom ilm-fanini asl manbalari asosida tadqiq qilish va yoshlar ongiga sof, tahqiq etilgan bilimlarni yetkazish katta ahamiyatga ega. Imom Moturidiyning aqidaviy maktabi nafaqat islom olami, balki butun insoniyat ma’naviyati uchun yuksak ilm-ma’rifat manbaidir. Prezidentimizning bu qarori nafaqat tarixiy shaxsga bo‘lgan e’tibor, balki diniy-ma’rifiy taraqqiyotga qo‘shilayotgan ulkan hissadir.
Bugungi globallashuv davrida diniy ta’limni sof manbalar asosida o‘rganish va uni xalqimizga yetkazish katta ahamiyatga ega. Chunki, Imom Moturidiy kabi buyuk allomalar ilmiy merosi orqali yoshlarni turli noto‘g‘ri tushunchalardan himoya qilish, ularni haqiqat yo‘liga yo‘naltirish mumkin.
Imom Moturidiy hayot kechirgan Samarqand shahri bugungi kunda ham islom ma’rifat markazlaridan biri sifatida yuksalib bormoqda. Samarqanddagi ilm va ma’rifat muhiti nafaqat yurtdoshlarimiz, balki butun musulmon olami uchun muhim ahamiyatga ega.
Ayni damda Prezidentimiz tashabbusi bilan Imom Moturidiyning ilmiy merosini o‘rganish, Samarqanddagi ziyoratgohlarni obod etish, Imom Buxoriy va Imom Moturidiy nomlarini xalqaro miqyosda keng targ‘ib etish borasida ulkan islohotlar amalga oshirilmoqda.
Bu jarayon nafaqat tarixiy yodgorliklarni tiklash, balki diniy-ma’rifiy sohada ilmiy tadqiqotlarni rivojlantirish, ilk manbalarga asoslangan xolis islom ta’limotini keng yoyishga xizmat qiladi.
Imom Moturidiyning yuksak ilm-fan va ma’rifatga qo‘shgan hissasi bugungi kunda ham o‘z ahamiyatini yo‘qotmagan. Shuning uchun bu qarorni yurtimiz ma’naviy taraqqiyoti va islom ilm-fani rivojiga qo‘shilayotgan muhim qadam, deb bilish lozim.
Alloh taolo yurtimizni tinch, osuda va ma’rifat nuri bilan ziyolantirilgan yurtlardan aylasin!
Ahmadxon Alimov,
Samarqand viloyati bosh imom-xatibi.