Infeksiyasi tarqalishining oldini olish bo‘yicha fatvo ayni muddaodir

O‘tgan kuni O‘zbekiston Musulmonlari idorasi Ulamolar kengashining koronavirus (COVID-19) infeksiyasi tarqalishining oldini olish bo‘yicha FATVOSI e’lon qilingan edi. Unda bir qancha vazifalar qatori mamlakatda epidemiologik vaziyat barqarorlashgungacha juma namozlari o‘rniga uyda peshin namozi, besh vaqt namozlarning ham uyda ado etilishi aytildi. Ushbu fatvodan so‘ng ijtimoiy tarmoqlarda turli xil e’tiroz ko‘rinishidagi izohlar paydo bo‘ldi.

Yaratganga shukurki, yurtimizda diniy ulamo va rahbarlarimiz bor. Ular biz mo‘min-musulmonlar uchun tegishli fatvolarni qabul qilish imkoniyatiga ega. Hozirgi vaqtda butun dunyo bo‘ylab keng tarqalib ketayotgan kasallikning xalqimiz orasida ham yoyilib ketishining oldini olish maqsadida qabul qilingan ushbu fatvo ayni muddao ekanligi va shariat ahkomlariga to‘la mos kelishini ta’kidlamoqchimiz. Sababi, fatvoning o‘zida ham Qur’oni karim oyatlari, hadisi sharif, fiqh kitoblaridan aniq dalillar keltirilgan. Qolaversa, dunyo ulamolarining fikr va fatvolari hamda boshqa musulmon o‘lkalarning tajribalariga tayangan holda ushbu qarorga kelinganini ham eslatib o‘tmoqchimiz. Ishonchli dalillar asosida qabul qilingan fatvoga yana qanday ong bilan e’tiroz bildirish mumkin.

Zero, musulmon kishi Alloh taolo va Uning rasuliga to‘la taslim bo‘lib, ma’siyat bo‘lmaydigan o‘rinda Payg‘ambar merosxo‘rlari bo‘lgan ulamolar, muftiy va xalqning o‘zidan saylangan rahbarlarga itoat etishi va bo‘ysunishi oyati karimada quyidagicha ta’kidlangan:

يَا أَيُّهَا الَّذِينَ آمَنُواْ أَطِيعُواْ اللّهَ وَأَطِيعُواْ الرَّسُولَ وَأُوْلِي الأَمْرِ مِنكُمْ

Ya’ni, “Ey, iymon keltirganlar! Allohga itoat qiling, payg‘ambarga va o‘zingizdan bo‘lgan ishboshilarga itoat qiling” (Niso surasi, 59-oyat).

Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “Kim piyoz, sarimsoq piyoz va yovvoyi piyoz yegan bo‘lsa, masjidimizga aslo yaqin kelmasin. Chunki odam bolalari ozor topadigan narsalardan farishtalar ham ozor topadilar” (Jobir roziyallohu anhudan Imom Muslim rivoyati), deb marhamat qilganlar. Shariatimiz yoqimsiz hid bilan kishilarga ozor bermaslik uchun masjiddan uzoqlashishga buyurar ekan, kishilar va o‘zining sog‘lig‘iga jiddiy xavf tug‘diradigan sabab tufayli masjid va jamoatga chiqmaslik vojib darajasidagi amal hisoblanadi.

Har bir ish Allohning izni bilan sodir bo‘ladi. Kasallik va boshqa xatarlarning kelishi ham shular jumlasidan. Inson o‘ziga yoki o‘zgalarga zarar keltiradigan sabablardan uzoq bo‘lishga buyurilgan. Shunday ekan, xalq orasida vahima, tushkunlik, norozilik kayfiyatini paydo qilishda emas, mushkullarni aritish, ko‘ngillarni shod qilish, qiyinchiliklarni yengib o‘tishda bir-birimizga ko‘makchi bo‘laylik!

Zayniddin EShONQULOV,

O‘MI Samarqand viloyati bosh imom-xatibi.