O‘zbekiston musulmonlari idorasi ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan audioxabarga munosabat bildirdi

O‘zbekiston musulmonlari idorasi matbuot xizmati shu kunlarda ayrim ijtimoiy tarmoqlarda go‘yoki mamlakatimizdagi jome masjidlarda shu yil 6 maydan e’tiboran taroveh va juma namozlari o‘qilishi to‘g‘risida tarqatilayotgan audioxabar bilan bog‘liq vaziyatga munosabat bildirdi.
Qayd etilishicha, mazkur audioxabar yolg‘on va haqiqatga to‘g‘ri kelmaydi.
Shuningdek yurtimizdagi epidemiologik vaziyatni inobatga olgan holda, aholi salomatligini har tomonlama himoya qilish maqsadida O‘zbekiston musulmonlari idorasi Ulamolar Kengashining koronavirus infeksiyasi tarqalishining oldini olish bo‘yicha fatvosi va Ramazon oyini o‘tkazish bo‘yicha bayonotida juma namozi o‘rniga uyda peshin namozini, besh mahal va Ramazon oyidagi taroveh namozlarini uyda o‘qish haqida alohida qayd etilgan.
Respublika maxsus komissiyasining qarorlariga mos ravishda masjidlarda jamoat bo‘lib ibodat qilish boshlanishi haqida O‘zbekiston musulmonlari idorasining rasmiy nashrlari tomonidan e’lon qilinishi ma’lum qilingan.