O‘zbekiston musulmonlari idorasi ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan video yuzasidan munosabat bildirdi
O‘zbekiston musulmonlari idorasi ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan Qur’oni karimga hurmatsizlik aks etgan video yuzasidan munosabat bildirdi.
Aziz mo‘min-musulmon yurtdoshlar! Kecha ijtimoiy tarmoq sahifalarida dinimizning ilohiy manbasi va eng muqaddas kitobi – Qur’oni karimga nisbatan hurmatsizlik aks etgan videolavha tarqaldi hamda keskin bahs-munozara va noroziliklarga sabab bo‘ldi.
Ma’lumki, Alloh taolo Qur’oni karimni insoniyatga hidoyat va ezgulik manbai o‘laroq nozil qilgan. Shu nuqtai nazardan, qolaversa, qonunchilikka ko‘ra, inson kim bo‘lishidan qat’iy nazar muayyan din vakilining diniy tuyg‘ulari, qadriyatlari hurmat qilinishi shart, ularning tahqirlanishiga yo‘l qo‘yilmaydi.
Ota-bobolarimiz qadim-qadimdan Qur’oni karimni ko‘ksilaridan pastda tutmaganlar, joynamozlarini ham doimo baland joyga qo‘yganlar. Masjid atrofidan ohistalik bilan o‘tganlar. Azon aytilayotganda behuda so‘z aytmaganlar. Ana shu jihatlardan kelib chiqqanda, tarqalgan videolavhadagi holat yurtimiz mo‘min-musulmonlarining keskin noroziligiga sabab bo‘ldi.
Shu o‘rinda, O‘zbekiston musulmonlari idorasi Qur’oni karimni oyoq osti qilish holatini qattiq qoralashini hamda bu noinsoniy harakat hech qaysi diniy ta’limotga ham, aqlga ham, umuman olganda, insoniylik tamoyiliga ham to‘g‘ri kelmasligini bildiradi.
Kezi kelganda, mo‘min-musulmon yurtdoshlarimizga bunday manfur xatti-harakatlarga nisbatan tajovuzkorona emas, balki aqlni ishlatib munosabat bildirish lozim ekanini ta’kidlaymiz. Chunki qonun hujjatlariga muvofiq, milliy, irqiy, etnik yoki diniy mansubligiga qarab, aholi guruhlariga nisbatan adovat, murosasizlik yoki nifoq keltirib chiqarish maqsadida milliy sha’n-sharaf va qadr-qimmatni kamsitishga, fuqarolarning his-tuyg‘ularini haqoratlashga qaratilgan qasddan qilingan harakatlar javobgarlikka asos bo‘ladi. Shunday ekan, bu fuqaroning qilmishi ham, albatta, qonuniy asosda ko‘rib chiqiladi.
O‘z navbatida, Qur’oni karimni tahqirlagan mazkur fuqaroning shaxsini aniqlash bo‘yicha huquqni muhofaza qiluvchi tashkilotlar tomonidan amaliy sa’y-harakatlar olib borilayotgani hamda konstitutsiya va qonun hujjatlariga zid ravishda diniy adovat chiqarishga yo‘naltirilgan xatti-harakatlariga nisbatan qonuniy chora ko‘rilishini ta’kidlaymiz".