Intervyular qiroli

Bugun milliy matbuotimiz fidoiylaridan biri bo‘lgan atoqli publitsist, hamkasb ustozimiz, mohir tarjimon, taniqli siyosatchi Anvar Jo‘raboyev tavallud topgan kun. Agar hayot bo‘lganida 76 yoshni qarshilagan bo‘lardi.

Anvar aka ko‘p yillar “Lenin yo‘li” (hozirgi "Zarafshon"), Leningrad viloyatining "Na straje Rodini" gazetalari bo‘lim mudiri, "O‘zbekiston san’ati" jurnali mas’ul kotibi, "Xalq so‘zi" - "Narodnoye slovo", "Markaziy Osiyo xalqlari madaniyati"  gazetalari bosh muharriri bo‘lib ishlagan. Shuningdek, O‘zbekiston Konstitutsion komissiyasi a’zosi, O‘zbekiston Oliy Majlisi deputati, "Adolat" SDP tashkilotchilaridan biri, bir necha kitoblar muallifi.

Butun umrini o‘zbek jurnalistikasi rivojiga bag‘ishlagan Anvar Jo‘raboyev intervyu qiroli sifatida nom qozongan edi. U Mixail Sholoxov, Chingiz Aytmatov, Gabriel Garsia Markes, O‘ljas Sulaymonov, Arkadiy Raykin, Ilya Glazunov kabi adabiyot va san’atning jahon taniydigan arboblari bilan suhbat uyushtirgandi. Afsuski, Anvar aka 2010 yilda 62 yoshida vafot etdi.

Bu ajoyib inson bilan bir necha marta hamsuhbat bo‘lib, uning bebaho maslahatlaridan bahramand bo‘lganman. U kishi va Umida yangamizning Toshkent shahrining “Oybek” metrosi yaqinidagi xonadoni jurnalist do‘stlar uchun qadrli maskan edi. Ustozimiz Ahmadjon Muxtorov va u kishi tashkil etgan "Xalq so‘zi" gazetasida 10 yilcha ishlaganmiz. Uning ijodiy merosi badiiy publitsistikamizning eng yorqin sahifalari sifatida kelgusi avlodlarga ham xizmat qiladi.

F.Toshev.

***

Suratda: Anvar Jo‘raboyev (chapda) Chingiz Aytmatov bilan.