Iste’fo e’lon qilgan Qirg‘iziston prezidenti xalqdan uzr so‘radi
15 oktyabr kuni iste’fo e’lon qilgan Qirg‘iz Respublikasi prezidenti Sooronbay Jeenbekov 16 oktyabr kuni mamlakat parlamentida chiqish qildi va uning prezidentlik davrida yo‘l qo‘yilgan xato va kamchiliklar uchun o‘z xalqidan uzr so‘radi. Bu haqda RIA Novosti nashri xabar berdi.
“Albatta, faoliyatim davrida xato va kamchiliklar bo‘ldi. Buning uchun hamyurtlarimdan uzr so‘rayman. Biroq xalq oldida mening vijdonim toza”, deb ta’kidladi Qirg‘izistonning sobiq prezidenti Sooronbay Jeenbekov.
Mamlakat Konstitutsiyasiga binoan davlat rahbari iste’fo e’lon qilganidan so‘ng barcha prezidentlik vakolati parlament spikeriga o‘tadi. Agar parlament spikeri ham prezident vazifasini vaqtincha bajarishdan bosh tortsa, prezidentlik vakolatlari respublika Bosh vaziri zimmasiga yuklatiladi.
Taqdim etilgan so‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, Qirg‘iziston parlamenti spikeri Kanat Isayev 16 oktyabr kuni prezident vazifasini vaqtincha boshqarishdan bosh tortgan.
“Men ushbu lavozimni egallamayman. Parlamentda o‘z vaqtida zaruriy qonunlar qabul qilinishi uchun bor kuchim bilan harakat qilaman”, dedi u.
Shu tariqa Qirg‘iziston prezidentligi vazifasini vaqtincha bajarish vazifasi mamlakatning amaldagi Bosh vaziri Sadir Japarov zimmasiga yuklatildi.