Jahon chempionatining rasmiy ramzi taqdim etildi

Qatar poytaxti Doxa shahrida 2022 yil o‘tadigan futbol bo‘yicha jahon chempionatining rasmiy ramzining taqdimoti bo‘lib o‘tdi.

Shuningdek, JCh-2022 musobaqa tashkiliy qo‘mitasi qarori bilan mazkur ramz dunyoning bir necha davlatlarida, shu jumladan, Moskva, Nyu-York, Parij, Berlin, London, Madrid, Milan kabi shaharlarda, Braziliya, Argentina, Meksika, Chili, Janubiy Afrika, Janubiy Koreya, Hindiston, Turkiya, Livan, Quvayt, Ummon, Iordaniya, Iroq, Tunis, Jazoir va Marokkoda taqdim qilindi.

Ramzning egik chiziqlari qumtepalarni ifodalab, uzluksiz halqa, ya’ni, 8 shaklida tasvirlangan. Bu esa jahon chempionati o‘yinlari o‘tadigan 8 o‘yingoh va voqealarni bir-biri bilan bog‘lab turuvchi cheksizlik belgisini bildiradi.

Halqa ramzning markazida joylashgan bo‘lib, u jahon kubogi shaklini takrorlaydi, arab dunyosi va Fors ko‘rfazi xalqlarining an’anaviy bosh kiyimi – shoyi kufiydan ilhomlanib tasvirlangan.

Eslatib o‘tamiz, futbol bo‘yicha navbatdagi XXII - jahon chempionati 2022 yilning 21 noyabrdan 18 dekabrgacha Qatarning 7 ta shahrida bo‘lib o‘tadi.