Jangovar yurish ma’naviy-ma’rifiy tadbir bilan davom etdi

Xabar qilganimizdek, Samarqand shahrida O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tashkil etilganligining 33 yilligi hamda 14 yanvar - Vatan himoyachilari kuni munosabati bilan harbiylar va kuch tuzilmalari xodimlarining jangovar yurishi bo‘lib o‘tdi.

Shundan keyin Ko‘ksaroy maydonida ma’naviy-ma’rifiy tadbir tashkil etildi.

Unda viloyat hokimining o‘rinbosarlari Rustam Qobilov, Husan To‘xtayev, Markaziy harbiy okrug qo‘mondoni o‘rinbosari Qahramon Ochilov va boshqalar ishtirok etdi. 

So‘zga chiqqanlar harbiy vatanparlik oyligining ahamiyati, sohada xizmat o‘tayotganlar zimmasiga yuklangan mas’uliyat, ularni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash borasida amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar haqida to‘xtalib o‘tildi. Sohaga qaratilayotgan e’tibor natijasida armiyamiz salohiyati yil sayin ortib borayotganligi ta’kidlandi.

Tadbir doirasida harbiylarning saf va qo‘l jangi bo‘yicha sahnalashtirilgan chiqishlari namoyish etildi. Viloyat musiqali drama teatri ijodkorlarining badiiy chiqishlari tadbirga yanada ko‘tarinki kayfiyat bag‘ishladi. 

Tadbirda harbiy hamda boshqa kuch tuzilmalari qurol-aslahalari ko‘rgazmasi tashkil etildi. Unda yoshlar jangovar texnika va qurollar bilan yaqindan tanishib, harbiylarning sharafli vazifalariga oid qiziqarli ma’lumotlarga ega bo‘ldilar. 

- Tadbirga nevaralarimni olib keldim,  - deydi oqdaryolik 70 yoshli Chinoz Bahodirov. - Ular ham xalqiga, Vataniga nafi tegadigan, haqiqiy mard yigitlar bo‘lib ulg‘ayishini istayman. Harbiylarimiz ular uchun namuna bo‘la oladi. Ular bor ekan osmonimiz musaffo, hayotimiz farovon.

Harbiylar bilan o‘tgan samimiy suhbat davomida fuqarolar o‘zlarini qiziqtirgan barcha savollarga javob oldilar.