JCh-2026 saralash: O‘zbekiston Eronga qarshi 12 yillik qora an’anaga chek qo‘ya oladimi?
2026 yilgi jahon chempionati Osiyo saralash turnirining uchinchi bosqichida olti ochko bilan peshqadamlik qilayotgan futbolchilarimiz bugun, 10 oktyabr kuni soat 19:00 da Toshkent shahridagi "Bunyodkor" stadionida vakillarimiz bilan bir xil ochko to‘plagan Eron milliy terma jamoasiga qarshi maydonga tushadi.
O‘zbekiston – Eron uchrashuvidan oldin tashkil etilgan matbuot anjumanida terma jamoamiz sardori Eldor Shomurodov va yarim himoyachimiz Jaloliddin Masharipov O‘zbekiston termasi Erondan kuchli ekanligi, bugungi o‘yinda faqat g‘alaba uchun maydonga tushishlarini ma’lum qilishdi.
Eron terma jamoasi a’zosi Serdar Azmun ushbu fikrlarga javob qaytardi:
«O‘zbekiston milliy jamoasini hurmat qilamiz. Ularga qarshi ko‘p marotaba o‘ynadik. Bu safargi o‘yinda 3 ochkoni qo‘lga kiritish juda muhim. Ammo raqibga nisbatan hurmatni saqlagan holda aytaman, O‘zbekiston so‘nggi marta bizga jiddiy chaqiruv tashlab, muammo tug‘dirganiga 12 yil bo‘ldi. 2012 yildan buyon Eronni mag‘lub eta olmayapti» dedi eronlik futbolchi.
O‘zbekiston milliy terma jamoasining bo‘lajak o‘yinlardagi imkoniyati va jahon chempionatiga chiqishi haqida quyidagicha fikr bildirish mumkin.
Agar O‘zbekiston Eronga qarshi uchrashuvda yutqazib qo‘ysa ham bu jamoada guruhda ikkinchi o‘rinni egallab, jahon chempionatiga chiqish uchun yaxshi imkoniyat saqlanib qoladi. Ammo O‘zbekiston o‘z uyida o‘ynaydi va bu juda katta ustunlik beradi. Lekin Eron juda tajribali, Yevropa chempionatlarida ishtirok etayotgan kuchli o‘yinchilarga ega jamoa. Shuning uchun ham eronliklarni murakkab safar uchrashuvlari cho‘chitmaydi. O‘zbekiston va Eron bahsi Osiyo saralash turnirining oktyabr oyidagi markaziy uchrashuvi bo‘ladi.
Agar O‘zbekiston o‘z maydonida Eronni mag‘lub eta olsa, bu Srechko Katanets jamoasining jahon chempionatiga chiqish uchun tashlagan juda katta qadami bo‘ladi.
Eng muhim jihat – O‘zbekiston o‘zi ustun bo‘lgan guruhdagi boshqa raqiblar, xususan, Birlashgan Arab Amirliklari, Qirg‘iziston va Koreya Xalq Demokratik Respublikasi kabi jamoalardan imkon qadar ko‘proq ochko olishi kerak.
Qatar haqida gapirish biroz mushkul. Chunki Qatar va O‘zbekiston terma jamoalari darajasidagi farq katta emas. Qatar KXDR bilan o‘ynaydi, o‘zbeklar bu terma jamoani mag‘lub eta olgan. Musobaqa jadvalida quyida joylashgan jamoalarni yengish muhim ahamiyatga ega.
Osiyo saralash turnirining uchinchi bosqichida 18 ta mamlakat terma jamoalari uch guruhga bo‘lingan holda o‘zaro raqobatlashadi. Har bir guruhdan dastlabki ikki o‘rinni egallagan terma jamoalar to‘g‘ridan-to‘g‘ri jahon chempionatiga yo‘llanma oladi.
Guruhda uchinchi va to‘rtinchi bo‘lgan terma jamoalar saralash uchrashuvlarini davom ettiradi. Oxirgi ikki pog‘onadagi termalar saralashdagi yurishini to‘xtatadi.
O‘zbekiston milliy terma jamoasi dastlabki ikki turda Koreya Xalq Demokratik Respublikasi futbolchilarini 1:0 va Qirg‘iz Respublikasi vakillarini 3:2 hisobida mag‘lubiyatga uchratib, yuz foizlik natija qayd etgan.
Xullas, bugungi uchrashuvda Eronni mag‘lub etsak va keyingi o‘yinlarda ochko yo‘qotmasak, jahon chempionatiga chiqamiz. Milliy jamoamiz futbolchilarini qo‘llab-quvvatlaymiz, olg‘a yigitlar, olg‘a O‘zbekiston!