Jomboyga loporoskopik videotizim keltirildi
Mamlakatimizda tibbiyotning rivojlanishi faqat markaziy shaharlar emas, qishloq hududlaridagi aholiga ham zamonaviy, sifatli xizmat ko‘rsatish imkonini yaratmoqda. Shu jihatdan Jomboy tumani tibbiyot birlashmasiga Germaniyaning "RZ Medizintechnik" kompaniyasida ishlab chiqarilgan loporoskopik videotizim qurilmasi olib kelindi.
Jarrohlik amaliyotlarida qo‘llaniladigan jihozning afzalligi ko‘p. Jumladan, u orqali bemor terisi eng kam miqdorda kesiladi, natijada qon ketishining oldi olinadi. Operatsiya vaqtida kutilmagan xavf ehtimoli hamda muolajadan keyingi og‘riqlar kamayadi. Bemor sog‘ayishi tezlashib, ijtimoiy hayotga qaytishi osonlashadi.
– Bundan tashqari, muassasamizga "Hamilton C" sun’iy nafas berish apparati ham olib kelindi, – deydi birlashma bosh vrachi T.Xoliqova. – Bu narkoz ostidagi bemorga namlangan kislorod yetkazib berishi bilan ahamiyatli. Ya’ni, nafas yo‘liga infeksiya tushishining va muolajadan keyingi asoratlar oldi olinadi. Qolaversa, apparat monitorida bemorning gemodinamik holati, pulsi, nafas olish darajasi, qon bosimi aks etib turadi.
Jomboy tumani hokimligi axborot xizmati.