Jomboy tumanidagi ko‘p qavatli uy-joylar qachon kuz-qish mavsumiga tayyor bo‘ladi?
Ma’lumotlarga ko‘ra, Jomboy tumanida 30 ta ko‘p qavatli uy-joylar mavjud. Ularning aksariyati hamon kuz-qish mavsumiga to‘liq tayyor emas. Bu haqda viloyat hokimligida o‘tkazilgan apparat yig‘ilishida aytib o‘tilgan.
Xususan, Guliston mahallasida joylashgan 5 ta ko‘p qavatli uy-joylarni ta’mirlash uchun “Shuhrat Quruvchi Nur” MChJga ATB “Xalq banki” tuman filiali tomonidan 2017-2018 yillar mobaynida 938 million so‘m kredit mablag‘lari berilgan. Lekin uylarda kanalizatsiya tizimi mavjud emasligi oqibatida xonadonlardagi hojatxona va oshxona suvlari yerto‘laga oqib tushib, to‘planmoqda.
Shuningdek, 8-uyning tom qismida ta’mirlash ishlari oxiriga yetkazilmagan. Tuman Obodonlashtirish idorasi tomonidan hududdagi daraxtlarni butash (kesib-pardozlash) ishlari amalga oshirilmagani sababli yomg‘ir suvlari tushadigan tarnovlar shox-shabba va barg bilan to‘lgan.
ATB “Agrobank” tuman filiali tomonidan 2017-2018 yillar mobaynida 515 million so‘m miqdorida kredit ajratilgan bo‘lsa-da, 1-4 va 7-uylarning kanalizatsiya tizimi yangilanmagan. Bundan tashqari, xonadon egalariga tegishli uylarning kadastr hujjatlari rasmiylashtirilmagan.
Shodlik, Alisher Navoiy va Ahmadjon Qurbonov mahallalaridagi 16 ta uylarga “Jomboy shodlik kommunal servis” XUJMSh xizmat ko‘rsatadi. O‘zbekiston Milliy bankining tuman filiali tomonidan 2017-2018 yillarda 2 milliard 50 million so‘m kredit ajratilgan. Lekin 13-uyning zinalari ta’mirlanmagan, yog‘ingarchilik vaqtida binoning tom qismidan xonadonlarga suv ketish holatlari mavjud, tungi yoritish chiroqlari o‘rnatilmagan. 21-uyning tom qismiga aksariyati siniq shiferlar qo‘yilgan.
Yig‘ilishda shuningdek, tuman elektr tarmoqlari bo‘limi mas’ullari tomonidan ko‘p qavatli uylarni kuz-qish mavsumiga tayyorlash borasida bir qator kamchiliklarga yo‘l qo‘yganligi ham tilg olindi.
Mas’ullar, mutasaddi shaxslarga aniqlangan kamchiliklarni qisqa muddatda bartaraf etish, “dom”larda yashovchi aholi uchun qulay sharoitlar yaratish borasida zarur topshiriqlar berildi.
Yo.GADOYeV.