“Ko‘chmas mulkka bo‘lgan huquqlarni davlat ro‘yxatidan  o‘tkazish to‘g‘risida”gi Qonun loyihasiga taklifingiz bormi?

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 7 sentyabrdagi «O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasi huzuridagi Kadastr agentligi faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qaroriga muvofiq Kadastr agentligi tomonidan “Ko‘chmas mulkka bo‘lgan huquqlarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish to‘g‘risida”gi Qonun loyihasi ishlab chiqildi.

Loyihaning maqsadi “Ko‘chmas mulkka bo‘lgan huquqlarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunini qabul qilishdan iborat. Qonun loyihasi 9 ta bob va 61 ta moddadan iborat bo‘lib, unda sohaga oid tushunchalar, vakolatli organlar, ko‘chmas mulkka bo‘lgan huquqlarni ro‘yxatdan o‘tkazish, ma’lumotlar taqdim etish tartibi, ro‘yxatdan o‘tkazuvchilar maqomi, ko‘chmas mulkka bo‘lgan huquqlarni ro‘yxatdan o‘tkazishni tashkil etish tartiblari yoritilgan.

Qonun loyihasini qabul qilish ko‘chmas mulkka bo‘lgan huquqlarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish bilan bog‘liq bo‘lgan qoidalarning o‘zaro muvofiqlashtirilmaganligini yo‘qotish imkonini yaratadi va atamalar hamda tushunchalarning bir xilligini ta’minlaydi.

Barcha rivojlangan mamlakatlarda ko‘chmas mulkka bo‘lgan huquqlarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish jarayonlarini tartibga soluvchi qonunchilik shakllangan va ushbu qonunchilik asosida o‘zlarining ro‘yxatdan o‘tkazish tizimlari yaratilgan. Chet el tajribasi (Rossiya, Belarus, Qozog‘iston, Ukraina) shuni ko‘rsatadiki, ko‘chmas mulkka bo‘lgan huquqlarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish sohasi alohida qonun bilan tartibga solingan bo‘lib, unda sohaga oid tushunchalar, vakolatli organlar, ko‘chmas mulkka bo‘lgan huquqlarni ro‘yxatdan o‘tkazish tartibi, ro‘yxatdan o‘tkazuvchilar maqomi va boshqa jihatlari qonun bilan belgilangan.

Loyihaning qabul qilinishi ko‘chmas mulkka bo‘lgan huquqlarning davlat ro‘yxatidan o‘tkazilishi natijasida davlat tomonidan kafolatlanishi, mulkdorlar huquqlarining himoyalanishi, ko‘chmas mulkka bo‘lgan huquqlarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazishning qonun bilan kafolatlangan tartibi o‘rnatilishi natijasida ko‘chmas mulk bozorining rivojlanishi, iqtisodiyotga investitsiyalar jalb qilinishi va bular natijasida O‘zbekiston Respublikasi iqtisodiyotining barqaror rivojlanishi ta’minlanadi.

Ushbu qonun loyihasi bo‘yicha fikr-mulohazalaringiz bo‘lsa, https://regulation.gov.uz/ru/d/24013 havolasi orqali fikr bildirishingiz mumkin.