Ko‘klamda odamning nafas olish tezligi 3 baravarga tezlashadi: Bahor haqida qiziqarli faktlar

Odamlar yilning uzoq, sovuq qishidan keyingi issiqlik, yangilanish va o‘sishni olib keladigan davr – bahorda yangi kuch-quvvat to‘lqinini his qiladi. Buning izohi bor.

Izoh shuki, bahorda nafaqat tabiat gullaydi, balki odamlar ham qish uyqusidan “uyg‘onadi”. Bahorda biologik ritmlar qaytadan ishga tushadi, Quyosh yanada porlab, kunlar uzayadi, ko‘chmanchi qushlar qaytib keladi. Hali bu tabiatning barcha “mo‘’jizalari” emas. Bahor faslini yanada ko‘proq sevish uchun qanday sabablar bor?

Bahor va yozda bolalar uch baravar tezroq o‘sadi

Bu haqiqat Britaniya olimlari tomonidan aniqlandi. Tadqiqotlar natijalari bolalar yilning sentyabr oyidan dekabr oyigacha bo‘lgan vaqtga qaraganda, martdan avgustgacha uch baravar tezroq o‘sishini aniqladi.

Birinchi bo‘lib sakura gullaydi

Sakuraning vatani Yaponiya bo‘lishiga qaramasdan, bugungi kunda uning go‘zal gullarini dunyoning turli burchaklarida ko‘rish mumkin. Yapon gilos daraxtlarining katta pushti to‘p gullari shaharlar ko‘cha va xiyobonlarini go‘yo pushti bulutlar ichida suzib yurganga o‘xshatib, nihoyatda go‘zal qiladi.

Bahorgi tengkunlik kuni

Astronomik bahor 20 mart kuni kirib keladi. Shu kuni (qutblardan tashqari) butun Yer bo‘ylab kun va tun bir xil vaqt oralig‘ida davom etadi. Bundan tashqari, Quyosh sharqda chiqib, g‘arbda botadi.

Eng ko‘p tornadolar bahorda sodir bo‘ladi

Tornadolar bahorda Yerni boshqa fasllarga qaraganda 5 baravar ko‘proq silkitadi. E’tiborlisi, ularning aksariyati kun davomida sodir bo‘ladi. Olimlar buni sayyora o‘z biologik soatlarining qishdan yozgi vaqtga qayta “ko‘rib chiqib”, o‘zgartirishi bilan bog‘lamoqda.

Bahorda o‘simliklar maxsus biologik soatga muvofiq uyg‘onadi

Daraxtlarning uyg‘onish vaqti kelganini aniqlashga yordam beradigan maxsus mexanizmi mavjud. Issiqlikni birinchi bo‘lib o‘simlik ildizlari sezadi va issiq kelishiga birinchi bo‘lib “javob beradi”. Ular 7-8 daraja haroratda faol o‘sa boshlaydi.

Bahorda odamlar uch marta ko‘proq nafas oladi

Yilning qolgan qismiga nisbatan bahorda odamning nafas olish tezligi 3 baravarga tezlashadi. Odatda odam soatiga minggacha nafas oladi, bahor oylarida esa ko‘proq. Olimlar buni tananing qish oylaridagi kislorod tanqisligi sharoitida o‘tkazganligi va endi tiklanishga intilayotgani bilan izohlashadi. Uyg‘ongan o‘simliklar ko‘proq kislorod chiqarishi barobarida o‘pkalar ham kuchli intensivlik bilan ishlay boshlaydi.

Bahorning o‘ziga xos harakat tezligi bor

Olimlar erinmasdan hisoblab chiqib, bahor kuniga 50 kilometr tezlikda harakat qilishini aniqlashdi. Ular buni alohida o‘simliklar to‘p gullarini kuzatish orqali aniqlashga muvaffaq bo‘lishdi.

Hayvonot dunyosi bahorda boshqa rangli kiyim kiyadi

Bahor kelganda kiyimimizni o‘zgartiradigan yagona biz emasmiz. Quyonlar, olmaxonlar va boshqa hayvonlar o‘zining ochiq rangli kiyimlarini yechib tashlab,  quyuqroq ranglisini “kiyib” olishadi.

Qushlar qo‘shiq aytishni bahorda o‘rganadi

Umuman olganda, barcha qushlar tug‘ilishidan kuylashi mumkin. Lekin faqat “xirgoyi”ning o‘zi yetarli emas, ular o‘z turlariga xos qo‘shiqlarni yaxshilab o‘zlashtirishi lozim. Har bir qush maromiga yetkazib kuylashni faqat keyingi bahorda, taxminan 300 kunlik bo‘lganida qila oladi.

Bahora Muhammadiyeva tayyorladi.