Kuchayib boruvchi bosh miya irsiy degenirativ kasalligi bilan og‘rigan urgutlik fuqaro bepul davolanadi(mi?)
Urgutlik saylovchi fuqaro viloyat Kengashiga saylangan deputat T.Tojiqulovga murojaat qilgan. Deputat viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasiga so‘rov yuborgan.
Ammo masala “ha”, deganda hal bo‘lavermagan...
- Rost, deputat so‘rovidan xabarimiz yo‘q edi, - deydi viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari S.Zayniyev. - Tabiiyki, uni qisqa fursatda ko‘rib chiqmaganimiz uchun xalq deputatlari viloyat Kengashi sessiyasida e’tiroz bo‘ldi. Shu bois, o‘sha kuniyoq Urgut tumani Quyiqishloq mahallasida istiqomat qiluvchi fuqaro Navbahor Yuldoshevani uyiga borib, bemorni ko‘rikdan o‘tkazdik.
Bemor 2020 yildan beri “arnold kiari” (bosh miya grijasi) tashxisi bilan davolanib kelmoqda. Mavjud holatdan kelib chiqib, bemorga viloyat bolalar ko‘p tarmoqli tibbiyot markazida davolanish uchun yo‘llanma berildi. Ya’ni, bemor davolanishi uchun barcha tekshirish va muolajalar bepul.
Rosti, shu birgina e’tibor, bemorning ota-onasini qanchalik xursand qilganini ta’riflab bo‘lmaydi. Bu kishiga yangi kuch va shijoat beradi.
- Davlatimiz rahbarining mahalliy Kengashlar deputatlarining joylarda fuqarolar turmush sharoitlarini yaxshilashda o‘rni va rolini oshirish borasidagi gaplaridan keyin ko‘plab masalalarda fuqarolarga yordam berishimizga imkon yaratilyapti, - deydi 42-Go‘zalkent saylov okrugidan viloyat Kengashi deputati E.Sherov. – Albatta, bu borada xalq deputatlari viloyat Kengashi raisi, viloyat hokimi ham bizni qo‘llab-quvvatlayotgani muhim omil bo‘lmoqda.
Misol uchun, men viloyat Kengashiga saylangan hududda istiqomat qiluvchi 7 nafar fuqaro bepul davolanadigan bo‘ldi. Ular buyrak yetishmovchiligi, yurak kasalligi kabi og‘ir turdagi xastaliklarga uchragan kishilar.
O‘zi shundoq ham oilaviy sharoiti og‘ir bu odamlarga yaratib berilayotgan imkoniyat, tabiiyki, birinchidan, shuncha oilaga yaxshi kayfiyat ulashdi. Eng muhimi, ularda ertangi kunga, davlat siyosatiga bo‘lgan ishonch ortdi.