Mahalla fidoyilari taqdirlandi

Mahalla tizimi xodimlari kuni munosabati bilan sohaning bir guruh fidoyi vakillari “Mahalla iftixori” ko‘krak nishoni bilan taqdirlandi.

Jumladan, viloyatimizdan 16 nafar mahalla faollariga ushbu nishonlarni topshirish marosimi o‘tkazildi. 

Viloyat hokimi vazifasini bajaruvchi A.Boboyev mukofotlarni o‘z egalariga topshirish chog‘ida mahalla tizimi bugun davlat va jamiyat hayotida muhim o‘rin va nufuzga ega bo‘lib borayotganini ta’kidladi. Davlatimiz rahbari tomonidan o‘zini o‘zi boshqarish organlariga qaratilayotgan yuksak e’tibor, berilayotgan imkoniyatlar aholining tinch-totuv yashashi, xavfsizligini ta’minlash, iqtisodiy barqarorlikka erishishda muhim ahamiyatga egaligi qayd etildi. 

– Mahalla bugun fuqarolarning ishonch qo‘rg‘oniga aylandi, desak mubolag‘a bo‘lmaydi, – deydi Paxtachi tumanidagi Do‘ng mahallasi raisi, “Mahalla iftixori” ko‘krak nishoni sohibi Abdunazar Xalilov. – Chunki, davlatimiz rahbari tomonida oqilona tizim yaratilib, hududlarning o‘zida har qanday muammoga yechim topish imkoniyati yaratildi. Bugun quyi bo‘g‘inning o‘zida, mahalla yettiligi ishtirokida barcha masalalar joyida hal etilmoqda. Shu bois hozirgi kunda fuqarolarning yuqori organlardan ko‘ra, mahallaga murojaati ortgan. Uch yillik faoliyatim davomida hududni jinoyat va ajrimlardan xoli hududga aylantirib, mavjud muammolarni mahallaning o‘zida hal etishga erishdik. Birorta huquqbuzarlik, ajrim qayd etilgan emas. 

Toyloq tumanidagi Xonchorbog‘ mahallasi profilaktika inspektori Obid Sultonov mahallada ish boshlaganida hudud qizil toifada bo‘lgan. Bugun esa “yashil” toifaga o‘tgan va bunda profilaktika inspektorining xizmatlari inobatga olinib, u “Mahalla iftixori” ko‘krak nishoniga loyiq ko‘rildi.

– 2021 yildan beri ushbu mahallada profilaktika inspektoriman, - deydi Obid Sultonov. – Xizmat taqozosi bilan Urgut tumanidan ushbu mahallaga oilam bilan kelib yashayapman. Mahallada yashash uning baland-pastidan xabardor bo‘lishga qo‘l kelarkan. Ish boshlagan vaqtimda o‘nga yaqin jinoyatlar qayd etilgan hudud bugun jinoyatdan xoli hududga aylandi. Bunda mahalla mas’ullari bilan birgalikda hududda istiqomat qilayotgan faol nuroniylarimizning hissasi katta. Ular bilan birgalikda amalga oshirilgan targ‘ibot tadbirlarimiz o‘z samarasini bermoqda. Bundan keyin ham ushbu yo‘nalishdagi ishlar samaradorligini oshirib, mahallamiz obodligi, farovonligini ta’minlash yo‘lida fidoyilik bilan mehnat qilamiz.

Tadbirda, shuningdek, tizimda samarali faoliyat yuritayotgan bir guruh mahalla yettiligi vakillari viloyat hokimligining tashakkurnomasi bilan taqdirlandi.