Mahmud Toir: "O‘zni izlaganga kitob kerakdir"
O‘zbekiston xalq shoiri Mahmud Toir 1952 yil 31 avgustda Toshkent viloyatining Parkent tumani, Parkent qishlog‘ida tug‘ilgan.
Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston milliy universitetining filologiya fakultetini tamomlagan. “Yangi asr avlodi” nashriyoti, O‘zbekiston radiosida faoliyat yuritgan.
Hozirda “Parkent tongi” gazetasining bosh muharriri. O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi Toshkent viloyati bo‘limi rahbari vazifasida faoliyat olib bormoqda.
Dastlabki she’riy to‘plami — «Ayt endi, yuragim» 1991 yilda chop etilgan. Shundan keyin shoirning «Biz nechun uchrashdik», «Muhabbat shevasi», «Oqib ketgan armonlar», «Barmoqlar bodasi», «Hakni tanib», «Yuzto‘rtlik», «Saylanma», “Otamning o‘kinchi”, “She’r hikmati”, “Yangi Toshkentnoma”, “Bedorlarga bering dunyoni” kabi she’riy to‘plamlari nashr etilgan.
2001 yilda «Mehnat shuhrati» ordeni bilan taqdirlangan, 2005 yilda O‘zbekiston xalq shoiri unvoniga sazovor bo‘lgan.
***
Kitob kerakdir
Suvrat asli nurni siyratdan olur,
Siyrat esa ilmu hikmatdan olur,
Odamdan ezgulik, muhabbat qolur,
Saodat sayliga savob kerakdir,
Ko‘ngilning mayliga kitob kerakdir.
Kitob – dil bog‘ida gulning rangidir,
Kitob – otash ichra dilning rangidir,
U – qalbning kamoli, aql jangidir,
Ko‘kni ko‘zlaganga xitob kerakdir,
O‘zni izlaganga kitob kerakdir.
O‘qigan, uqqanga eli ergashgay,
Oqil yo‘lga chiqsa yo‘li ergashgay,
Jannatday jilmayib cho‘li ergashgay,
Savol yuz ochganda javob kerakdir,
Javob jarangiga kitob kerakdir.
Kitob – bu osmonning o‘ziga narvon,
Kitob – bu jahonning ko‘ziga narvon,
Tirik tarixlarning so‘ziga narvon,
Tunda talpinganga mohtob kerakdir,
Kunday kulay desang kitob kerakdir.
Olam olamligin bilmoq uchun ham,
Odam odamligin bilmoq uchun ham,
Qilni qirq tilimga tilmoq uchun ham,
Tig‘ni tutguvchiga shitob kerakdir,
Tug‘ni tutguvchiga kitob kerakdir.