Maktab yangi o‘quv yiliga tayyor emas. Nega?

Maktablarning yangi o‘quv yiliga tayyorligi, epidemiologik holati, xavfsizligi va yaratilgan zarur sharoitlar bilan tanishish maqsadida jamoatchilik asosida Samarqand shahrida joylashgan 47-umumiy ӯrta ta’lim maktabida bo‘lib, holatni o‘rgandik va maktab yangi o‘quv yiliga tayyor emas, degan xulosaga keldik.

Bunga bir necha sabablar bor: maktab binosining asosiy qismi shikastlangan (avariya) holatida.

Maktab direktori Sh.Ismatulloyeva ma’lumotlariga ko‘ra, maktabda yon atrofda joylashgan 6 mahalladan keladigan 1016 nafar ӯquvchilar ta’lim oladi. Maktab binosida 50 dan ortiq sinfxona mavjud. Afsus, bugungi kunga qadar ulardan faqatgina 21 sinfxona ta’mirlangan va yangi o‘quv yiliga tayyorlangan, xolos.

Maktablarning an’anaviy tarzda faoliyati yo‘lga qo‘yilishi oldidan har bir tuman va shaharlardagi maktablar bo‘yicha sanitariya-epidemiologik osoyishtalik markazlarining xulosasi beriladi. Biroq ushbu maktabda epidemiologik xavfsizlik talablariga rioya qilishning imkoniyati mavjud emas, sharoit yo‘q. Maktab ma’muriyatining aytishicha, soha mutasaddilari hozircha chora kӯrishmagan.

Birinchidan, sharoit taqozosi bilan ijtimoiy masofani saqlash va karantin cheklovlariga qat’iy amal qilish talab etilayotgan bir paytda 1016 nafar ӯquvchi 21 sinfxonada qanday ta’lim olishlari mumkin?

Ikkinchidan, o‘rganish jarayonida maktab ma’muriyati ham mavjud sharoitda samarali faoliyat olib borish qiyinligini ta’kidlashdi.

Uchinchidan, mavjud kamchiliklardan xabardor bӯlgan aksariyat ota-onalar bolalarining maktabda an’anaviy tarzda ta’lim olishiga qarshi va onlayn tarzda ta’lim olishlarining tarafdori.

To‘rtinchidan, maktab ma’muriyatining bildirishicha, mavjud muammolar to‘g‘risida shahar hokimligi va viloyat xalq ta’limi boshqarmasiga bir necha bor murojaat qilishgan. Biroq murojaatlar samarasiz qolgan.

Bahodir Rahmonov,

xalq deputatlari Samarqand shahar  Kengashi deputati.