Android qurilmalar uçun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab oliş x

Malaka oshirish tizimi raqamlashtirildi

Bugun raqamlashtirish pedagoglarning malaka oshirish tizimiga ham kirib keldi. Endi maktab direktori yoki o‘rinbosari lms.avloniy.uz saytidan maktabdagi o‘qituvchilarning qaysi biri malaka oshirishga chaqirilayotganini bilib oladi.

Shuningdek, pedagogning o‘ziga ham 20 kun oldin malaka oshirishga borishi kerakligi haqida SMS-xabar keladi. Bu haqda viloyat Matbuot uyida bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida ma’lum qilindi.
- Raqamlashtirishdagi yangiliklardan biri – endi tinglovchilar QR kodli davomatdan o‘tadi, - deydi viloyat pedagogik mahorat markazi bo‘lim boshlig‘i Abdulla Abdullayev. – Buning uchun har bir dars o‘tiladigan xona eshigida QR kod bo‘lib, tinglovchilar darsga kirishda uni telefoni orqali skanerlashi kerak. Shunda unga “Siz malaka oshirish darsidasiz”, degan SMS keladi.

Platformaning yana bir afzalligi, unda respublikamizdagi barcha maktablarda ishlayotgan pedagoglarning qachon, necha marta malaka oshirgani kiritilgan. Malaka oshirish muddati kelgan pedagoglarni platformaning o‘zi avtomatik ravishda malakaga chaqiradi.
Ma’lum qilinishicha, joriy yilning o‘tgan davri mobaynida viloyatda 11 ming 210 nafar pedagog malaka oshirgan. Shuningdek, markaz tomonidan 2026 yilning birinchi yarim yilligida 3 ta darslik, 13 ta o‘quv qo‘llanma, 18 ta uslubiy qo‘llanma va 5 ta uslubiy ko‘rsatma tayyorlangan.