“Marmar” bozorida bayram yarmarkasi

Samarqand shahri kuni munosabati bilan arzonlashtirilgan sanoat va qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yarmarkalari tashkil etildi.

Shaharning “Marmar” dehqon bozorida viloyatimizning Samarqand, Toyloq, Kattaqo‘rg‘on, Qo‘shrabot, Ishtixon va Past Darg‘om tumanlarida fermer xo‘jaliklari tomonidan yetishtirilgan sifatli mahsulotlar arzon narxlarda sotilmoqda.

- Bu galgi yarmarkaga 30 tonna kartoshka, 10 tonna piyoz, 5 tonnadan sabzi, karam, sholg‘om va poliz mahsulotlari keltirganmiz, - deydi Past Darg‘om tumanidagi “Dilafro‘z” fermer xo‘jaligi rahbari Umida Bulakova. – Samarqandliklar va shahar mehmonlarining bayram dasturxonlari to‘kin bo‘lishi uchun mahsulotlarni arzon narxlarda sotyapmiz. Masalan, kartoshkaning bir kilogrami 3 ming so‘m, sabzi, sholg‘om, piyoz 2 ming so‘mdan, karam esa 1,5 ming so‘mdan sotilyapti.

Shuningdek, bayram yarmarkasida go‘shtning kilosi 65 ming so‘m, shakar 12 ming so‘mdan, 5 litrlik paxta yog‘i esa 97 ming so‘mdan sotilyapti.

- Har bayram arafasida shahrimizda arzonlashtirilgan yarmarka tashkil etilishi an’anaga aylangan, - deydi mehnat faxriysi Asqar Qarshiyev. - Qo‘shrabotning Pangatidan keltirilgan “Golden” navli olmaning kilosini 5 ming so‘mdan, Kattaqo‘rg‘on tumani fermerlari yetishtirgan Tolstolob balig‘ini esa 15 ming so‘mdan xarid qildim. Boshqa mahsulotlar ham bozornikidan ancha arzon.

Yarmarkada xorijlik sayyohlarni ham uchratasiz. Ular ham bu yerdagi sifatli mahsulotlar arzon narxlarda sotilayotganidan xursand.

Samarqandga bo‘lgan sayohatim bayram kunlariga to‘g‘ri kelganidan xursandman, - deydi yaponiyalik sayyoh Xana Kavashima. – Shahar juda go‘zal. Bozorda narxlar arzon va sifatli. Masalan, asal asalari inida keltirilgani bilan e’tiborimni tortdi. Xar xil asal bor ekan. Tog‘ asalining kilogrami 70 ming so‘mdan sotilyapti. Viza kartamdagi pulimni naqdlashtirishda ham muammo yo‘q. Bozorda bankning sayyor kassasi ishlab turibdi.

Shaharning Alisher Navoiy ko‘chasida viloyatimizning ishlab chiqarish korxonalari va hunarmandlari tomonidan tayyorlangan mahsulotlarning ham arzonlashtirilgan savdo yarmarkasi tashkil etilgan.

To‘lqin SIDDIQOV,

Baxtiyor MUSTANOV (foto).