Yangi yil yarmarkasidagi mahsulotlar sifatli(mi)?
– Davlat tomonidan beriladigan nafaqa hisobiga kun kechiraman, – deydi Samarqand shahrida yashovchi Saodat Nuraliyeva. – Bozor va savdo do‘konlarida oziq-ovqatlarning narxi oshib ketayotganligi sababli keyingi paytlarda oladigan pulimni yetkazishga qiynalyapman. Kecha qo‘shnimiz “Marmar dehqon bozori“da yangi yil yarmarkasi ochilganini va u yerdagi mahsulotlar arzon narxlarda sotilayotganini aytdi. Qo‘shnimning gaplariga qiziqib, shu bozordan xarid qilishga keldim. To‘g‘risi, narxlarni ko‘rib, juda xursand bo‘ldim va Yangi yil bayrami uchun kerakli yeguliklarni sotib oldim.
Mazkur bozorda 1 kilogramm mol va qo‘y go‘shti 32 ming so‘m, 1 kilogramm tovuq go‘shti 15 ming so‘m, 1 dona tuxum 500 so‘m hamda shu kabi boshqa 26 turdagi mahsulot belgilangan narxlarda sotilmoqda. Yaroqlilik muddatlari tekshirilib, mas’ul nazorat xodimlarining ruxsati bilan savdo terminallari orqali sotilyapti.
– Har kuni 80-100 kilogramdan go‘sht hamda qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini el dasturxoniga yetkazyapman, – deydi qo‘shrabotlik Uchqun Nazarov. – Chorvachilik va dehqonchilik bilan shug‘ullanaman. Shu bois o‘zim yetishtirgan mahsulotni do‘konlarga nisbatan arzon sotsam ham kam daromad bo‘lmaydi.
A.PO‘LATOV.