Yangi yilni biz bilan birga nishonlamaydigan mamlakatlar
Biz ko‘pincha Yangi yilni umumiy bayram deb o‘ylaymiz. Sayyoramizda Yangi yilni butunlay boshqa vaqtda nishonlaydigan ko‘plab xalqlar bor.
XITOY
Xitoyda Yangi yil boshqa joylarga qaraganda ancha kech keladi, shuning uchun sharqiy taqvim bo‘yicha yil "egasi" qaysi hayvon bo‘lmasin u o‘z yiliga keyinroq egalik qila boshlaydi. An’anaga ko‘ra, bu 21 dekabrdan keyingi ikkinchi yangi chiqqan oy kuniga to‘g‘ri keladi. Xitoyda Yangi yil juda yorqin nishonlanadi, mushaklar otiladi, chiroqlar yoqilib, rang-barang festivallar o‘tkaziladi.
JANUBIY KOREYa
Janubiy Koreya ham Yangi yilni xitoyliklar bilan bir vaqtda nishonlaydi va ular bu bayramni Sollal deb ataydi. Yaqinda ular an’anaviy Sollalga sodiq qolgan holda Yangi yilni 1 yanvar kunida nishonlay boshlashdi. Xitoyliklardan farqli o‘laroq, Koreyada bayram uch kun davomida, asosan, oilada nishonlanadi. Shuningdek, mamlakatda Yangi yil quyoshining birinchi nurlarini kuzatish uchun bayramni mamlakat Sharqida nishonlashning o‘ziga xos an’anasi mavjud.
BALI
Sayyohlar orasida mashhur bo‘lgan ushbu Indoneziya oroli ikkita Yangi yilni - birinchisi butun dunyo kabi, ikkinchisi esa Bali taqvimiga ko‘ra bahorda, tengkunlik kunida nishonlaydi. Afsonaga ko‘ra, bu taqvim Indoneziyaga Yava qiroli tomonidan olib kelingan. Eramizning 78 yilidan beri qo‘llanilib kelinadigan taqvimiga ko‘ra, orolda 2024 yil o‘rniga 1946 yil kirib kelmoqda.
SAUDIYa ARABISTONI
Mamlakatda Yangi yilni Grigorian kalendariga ko‘ra nishonlash qonuniy ravishda taqiqlangan. 1 yanvar kuni arafasida siz bayram ramzlarini sotib ololmaysiz yoki quvonchni ifoda eta olmaysiz va bu sayyohlarga ham tegishli. Mamlakatda Yangi yil bayrami 622 yilda hosil bo‘lgan hijriy taqvim bo‘yicha nishonlanadi.
ISROIL
Isroilda ham Yangi yil butun dunyodan alohida, ya’ni kuzda nishonlanadi. Ushbu bayram Rosh xa-Shana deb ataladi va an’anaviy ravishda Tishrey oyining yangi oy chiqqan kunida nishonlanadi. Shu sababli bayram sanasi har yili o‘zgaradi. Aytgancha, Isroil hozir butun dunyoda bo‘lgani kabi 2023 yilda emas, balki 5784 yilda yashaydi.
HINDISTON
Ushbu ko‘p madaniyatli mamlakatda Yangi yilni nishonlash uchun aniq bir sana yo‘q. Har bir shtat (u yerda 29 ta) aholisining diniga qarab, Yangi yil sanasini belgilaydi. Shu tarzda mamlakatda yil boshlanishi eng kamida taxminan to‘rt marta nishonlanadi. Aholi orasida ommabop bo‘lgan Yangi yilni an’anaviy 1 yanvar kunida nishonlash nisbatan yaqinda boshlandi.
BANGLADESh
Diniy e’tiqodidan qat’i nazar, mamlakatdagi Bangladesh, G‘arbiy Bengaliya va Hindistonning ba’zi jamoalarida yashaydigan bengalliklar Bengal Yangi yilini nishonlaydilar. Odatda sana hindlarning quyosh taqvimiga asoslanib, Bangladeshda Yangi yil 14-15 aprelda nishonlanadi.
EFIOPIYa
Efiopiya butun dunyodan farqli o‘laroq, Yulian taqvimi bo‘yicha yashaydi. Bu yerda “Enkutatash” deb ataladigan Yangi yil bayrami 12 sentyabrda nishonlanadi. Bu kun, shuningdek, yomg‘irli mavsumning tugashi va hosil bayrami sifatida nishonlanadi. Aytgancha, Efiopiyada taqvim ham boshqacha, mamlakat yangi ming yillikka faqat 2008 yilda kirdi.
B.Muhammadiyeva tayyorladi.