Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Yangi yilda turli mamlakatlarda archa o‘rniga qaysi o‘simliklar bezatiladi?

Dunyoning ko‘plab mamlakatlarida Yangi yil bayramida daraxtlarni bezash an’anasi bor, lekin bu har doim ham archa emas. Masalan, Nikaraguada Yangi yil bayramida uyni qizil (pishmagan) qahva daraxti shoxlari va mevasi bilan bezash odat tusiga kirgan.

* Bali (Indoneziya)da Yangi yil kuni guruch poyalaridan baland ustunlar qurilib, ular turli ranglarda bo‘yaladi.

* Braziliyada Yangi yil archalari qog‘oz, daraxt po‘stlog‘i, mato bo‘laklari va boshqa yorqin materiallardan tayyorlanadi. Braziliyaliklar ham har qanday daraxt va butalarni gulchambarlar bilan bezashadi.

* Hindistonda turfa gullardan tayyorlangan gulchambarlar an’anaviy bayram bezaklari hisoblanadi.

* Inglizlar Yangi yilda hayot, unumdorlik va salomatlik ramzi bo‘lgan har doim yashil omela butasining shoxlarini qizil lenta bilan bog‘lab, butun uy bo‘ylab osib chiqishadi. Shuningdek, britaniyaliklar o‘z uyini tabiatning o‘zgarmas ramzi bo‘lgan pechak va nayzabarg bilan bezashadi.
 

* Kubada archa vazifasini palma daraxtlari bajaradi.

* Vetnamda Yangi yil bayramlari dao deb ataladigan gullagan shaftoli daraxti bilan bog‘liq. Vetnamliklar o‘z uylarining o‘rtasida qo‘ng‘iroqchalar va sopol baliq haykalchalar bilan bezalgan baland bambuk kompozitsiyasini tayyorlashadi.

* Yaponiyada Yangi yil kompozitsiyasi tarkibi bambuk, qarag‘ay, olxo‘ri va mandarin shoxlaridan iborat va u kadomatsu deb ataladi.

* Avstraliyada an’anaviy bayram daraxtlari archa, kedr va qarag‘aydir, ammo ularni boshqa qit’alardan olib kelish kerak. Shuning uchun avstraliyaliklar ko‘pincha o‘z uylarini metrosideros deb nomlangan yorqin, to‘q qizil gulli o‘simlik bilan bezashadi.

Bahora Muhammadiyeva tayyorladi.