Olimlar xulosasi: Bayram nishonlash sog‘liqqa ham foyda beradi
Ko‘ngillarni zavqqa to‘ldirib yangi yil kirib kelmoqda. Ammo ayrimlar uchun bu shunchaki taqvim yoki yil almashinuvi bo‘lishi mumkin va buning ajablanarli joyi yo‘q: bayramona kayfiyat o‘ta nozik his. U ishdagi stress, sog‘liq muammosi yoki boshqa vaziyat tufayli buzilishi hech gap emas. Shunga qaramay, bayramni ko‘tarinki o‘tkazishning foydasi haqida olimlarda dalillar bor.
Bayram oilaviy rishtalarni mustahkamlaydi va baxtni his qilishga yordam beradi
Yaqinlar bilan yaqin munosabatlar baxtning asosidir. Axir Yangi yil bayrami bejizga oilaviy deyilmaydi. Oila davrasida kutib olingan yangi yil albatta oila a’zolarini bir-biriga yanada yaqinlashtiradi. Shunday fikrga amerikalik olimlar kelishgan. Ular respondentlardan oilasida Yangi yil an’analari, masalan, bayramona kechki ovqat, archa bezash yoki yangi yil kirgunga qadar so‘nggi soniyalarni sanash odati bormi, deb so‘rashgan. Yangi yilni birgalikda sho‘x-shodon kutib olganlar o‘zini baxtli va oilasiga yaqinroq ekanligi ma’lum bo‘lgan.
Qorbobo va xotiralar
Bayram Qorboboga ishongan davrimiz - bolalikka sayohat qilish imkoniyatidir. Oila a’zolari bilan bolalikni xotirlash, yaxshi-yomon yoki qiyin kunlarni eslash insonni yanada kuchli bo‘lishga undaydi.
Bir guruh psixologlar eksperimentlar natijasida qilgan xulosasiga ko‘ra, eslash, sog‘inish, qo‘msash odamga hayotini ma’nan va mazmunan boyligini his qilishda yordam beradi. Yangi yil filmlari esa nostalgiya, ya’ni qo‘msash hissini oshirib, emotsional ko‘tarinkilikka olib keladi.
Xavotir, nizo, arazni bartaraf etadi
Darhaqiqat, uy va archani bezash, magazinga yugurish, bolalar "archasi"da ishtirok etish, taom pishirish, yaqinlarga sovg‘a-salom harid qilish… eh-he, qancha zavqli tashvishlar. G‘ashlik va xavotirga vaqt ham qolmaydi. Arazlashganlar yarashishishga intiladi, deb xulosa qilishadi psixologlar.
Orzu-istaklar rag‘batlantiruvchi
Yil yakunida odamlar kelgusi yil uchun maqsad, rejalar qo‘yadi: sport bilan shug‘ullanishni boshlash, ko‘proq pul tejash yoki yomon odatdan voz kechish. Muhim qadam uchun ba’zan vaqtinchalik bosqich kerak va yil boshi bu uchun ayni muddao. Shveysariya olimlari odamlar yangi yil rejalar qabul qilishi va ularni bajarishga nima yordam berishini o‘rganishdi. Tajriba yil boshida o‘zgarishlarga bo‘lgan ilhom haqiqiy natijalar berishi mumkinligini ko‘rsatdi. Lekin bunda nafaqat yangi yil qarorini qabul qilish, balki uni amalga oshirish uchun nima qilish kerakligini o‘ylash va rejalashtirish muhimdir.
Sovg‘a miya faoliyatiga ta’sir qiladi
Sovg‘alarni qabul qilish va taqdim etish nafaqat yoqimli, balki foydalidir: jarayon kognitiv funksiyalar - xotira, e’tibor, o‘rganish va qaror qabul qilishni yaxshilaydi. Italiyalik olimlar talaba do‘stlar ishtirokida tajriba o‘tkazgan. Ular kompyuterda murakkab vazifasini bajarishi, undan oldin yoki jarayonda sovg‘a almashishlari kerak edi.
Natija shuni ko‘rsatdiki, tadqiqot ishtirokchilari sovg‘ani topshirgach, nafaqat bir-biriga munosabati o‘zgargan, balki topshiriqni aniqroq bajargan, ya’ni sovg‘adan so‘ng, ikkala guruhda ham kognitiv qobiliyat oshgan. Qolaversa, minnatdorchilik hissi kayfiyatni ko‘taradi va miya faoliyatiga ijobiy ta’sir ko‘rsatadi.
G.Xoldorova tayyorladi.