Samarqand shahrida Yangi yil archasi tadbirlari qaysi hududlarda o‘tkaziladi?

Hademay 2024 yil kirib keladi. Samarqandda Yangi yilni ko‘tarinki kayfiyatda qarshi olish, “Prezident archasi” tadbirlarini tashkil etish uchun tayyorgarlik ishlari davom etmoqda.

Samarqand shahar hokimligi ma’lumotlariga ko‘ra, joriy yil 15 dekabrdan 2024 yil 10 yanvarigacha shahardagi sakkizta hududda Yangi yil archasi bayram tadbirlari tashkil etiladi.

Samarqand shahridagi Ko‘ksaroy maydoni, Temir yo‘l vokzali hududi, Alisher Navoiy ko‘chasi, Sartepa va Qorasuv massivlarida, shuningdek, Kimyogarlar, So‘lim va Farhod shaharchalarida bayram archalari o‘rnatilmoqda.

Shaharning markaziy ko‘chalarida joylashgan korxona va tashkilotlar, savdo va maishiy xizmat ko‘rsatish shoxobchalari ham bayram ruhida bezatiladi. Bozorlarda arzonlashtirilgan savdo yarmarkalari o‘tkaziladi.