Yangi yil quvonchi bolajonlar qalbida
Yangi yil, eng avvalo, bolalar uchun quvonch, shodlik va orzular bayrami. Qaysi hududga nazar tashlamang, bezatilgan archalar atrofida quvnoq kulgusi bilan yurgan jajji bolalarni ko‘rish mumkin.
Ayni kunlarda maktab va maktabgacha ta’lim tashkilotlarida ham Yangi yil munosabati bilan turli tadbirlar o‘tkazilmoqda. Jomboy tumanidagi 9-son maktabgacha ta’lim tashkilotida ham “Qorbobo bog‘chamizda mehmon” nomli bayram tadbiri tashkil etildi.
Unda Qorbobo va Qorqiz hamda turli ertak qahramonlari ishtirokida qiziqarli sahna ko‘rinishlari namoyish etildi, bolajonlar she’r va qo‘shiqlari bilan bayramga yanada zavq bag‘ishladi. Tadbir yakunida esa tarbiyalanuvchilarga bayram sovg‘alari ulashildi.
— Muassasasimizda hozirgi kunda 320 nafar bolaga 27 nafar malakali pedagog ta’lim-tarbiya bermoqda, — deydi bog‘cha direktori o‘rinbosari Yulduz Hojimurodova. — O‘tayotgan yilda tarbiyachi va tarbiyalanuvchilarimiz turli tanlov va musobaqalarda faol ishtirok etib, faxrli o‘rinlarni qo‘lga kiritdi. Jumladan, 4 nafar pedagogimiz “Yil tarbiyachisi” ko‘rik-tanlovida g‘oliblar safidan joy oldi. Shuningdek, 4 nafar pedagog oliy o‘quv yurtini muvaffaqiyatli tamomladi, o‘rta maxsus ma’lumotga ega bo‘lgan 5 nafar pedagog esa oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga qabul qilindi.
Tadbirda ishtirok etgan ota-onalar farzandlarining sahnadagi chiqishlari, erkin fikrlashi va badiiy mahorati orqali bog‘chada berilayotgan ta’lim-tarbiya samarasini yaqqol his etdilar.
Yangi yil bayrami bolajonlar qalbida unutilmas taassurotlar qoldirib, ularga yangi orzular va ezgu umidlar bag‘ishladi.
E’zoza Meyliyeva,
Baxtiyor Mustanov (foto+video).