O‘qituvchilarga go‘sht 44 ming so‘mdan sotildi
Samarqand viloyati hokimligi tashabbusi bilan Samarqand shahrida o‘qituvchi-murabbiylar uchun arzonlashtirilgan narxlarda qishloq xo‘jaligi va sanoat mahsulotlari yarmarkasi tashkil etildi.
Uning ochilish marosimida so‘zga chiqqan viloyat hokimining o‘rinbosari Rustam Qobilov, Samarqand shahar hokimi vazifasini bajaruvchi Boburmirzo Oblaqulov, viloyat xalq ta’limi boshqarmasi boshlig‘i Saidahmad Usmonov, “Zarafshon” va “Samarkandskiy vestnik” gazetalari birlashgan tahririyati bosh muharriri Farmon Toshev va boshqalar xalq farzandlariga ta’lim-tarbiya berayotgan fidoyi va jonkuyar ustoz-murabbiylarga bunday sharoitlar yaratilayotgani ularning o‘z kasbiga sadoqat va mehr bilan yondashishiga xizmat qilishini ta’kidladi.
—Bir vaqtlar ayni shu vaqt barchamiz paxtada bo‘lardik, — deydi Samarqand shahridagi 9-umumiy o‘rta ta’lim maktabi direktori Dilbar Mavlonova. — Endi esa e’tibor va g‘amxo‘rlikdamiz. Bugun aynan biz, ustoz va murabbiylar uchun arzonlashtirilgan qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yarmarkasining tashkil etilganligidan boshimiz ko‘kka yetdi. O‘zimiz uchun zarur sifatli mahsulotlarni deyarli yarim narxida xarid qildik. Masalan, bozorda 1 kilogramm guruch 10-12 ming so‘m, bu yerda esa o‘sha sifatli guruchlar 6000, 7000 so‘mdan sotilmoqda. Go‘sht esa 44 ming so‘m. Maktabimiz jamoasi bilan yarmarkaga kelib, nafaqat mahsulotlar xarid qildik, balki xordiq chiqardik.
— Bunday yarmarka biz, o‘qituvchilar uchun ilk bor tashkil etildi, — deydi Nodira Isabekova. — Buning uchun islohotlarni boshida turgan Prezidentimizdan, tashabbus ko‘rsatib, aynan o‘qituvchilar uchun oziq-ovqat yarmarkasini tashkil etgan viloyat hokimimizdan nihoyatda minnatdormiz. Mahsulotlarning ham arzon, ham sifatliligi bizni quvontirdi. Xuddi shunday yarmarkalar tez-tez tashkil etilib turishini istardik.
Darhaqiqat, yarmarkadan qariyb 20 turdagi qishloq xo‘jaligi va sanoat mahsulotlari o‘rin oldi.
Xuddi shunday yarmarka Kattaqo‘rg‘on shahrida ham tashkil etildi.
Samarqand viloyat xalq ta’limi boshqarmasi axborot xizmati.