Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

“Mening nomimdan yozilgan xat va qo‘yilgan imzo soxta ekan”

Viloyat hokimligi va tahririyati telegramm boti: zarafshonbot’ga shu mazmunda murojaat keldi.

Quyida murojaat egasi shu haqda so‘zlab beradi.

“2021 yil 28 dekabr kuni viloyat hokimi E.Turdimov nomiga shikoyat arizasi yozgan edim. U shunday mazmunda yozilgan edi:

“2007 yil auksion orqali oshxona binosini sotib olib, tadbirkorlikni boshlagan edim. 2020 yilning ikkinchi choragida ushbu binoning kadastr hujjatida ko‘rsatilgan 154 metr kvadrat, ya’ni barcha qismi tovon pulisiz buzildi. Shundan 55 metr kvadrat qismi yangi yo‘l qurilishi uchun yo‘l hisobiga o‘tkazildi.

Men eski binoni buzib, o‘rniga o‘z hisobimdan tuman hokimligi tomonidan berilgan loyiha asosida 2 qavatli bino qurdim. Ammo ikkinchi qavatga chiqish uchun yo‘lakchaga yer maydoni yetishmas edi. Buning uchun yana 55 metr kvadrat yer ajratilishi kerak edi. Lekin shu paytga qadar yer ajratilmasdan qolmoqda”.

Ushbu xatim viloyat hokimligida ro‘yxatdan o‘tgan va ijroga yuborilganu, ammo hech bir hokimlik vakili men bilan uchrashmasdan soxta tushuntirish xati bilan uni yopib yuborgan.

Virtual qabulxonaga qilgan murojaatimga ham hech qanday o‘rganish o‘tkazmasdan mening nomimga javob xatlari kelgan.
Mening shu masaladagi ishimni viloyat hokimligi vakillari adolatli o‘rganishini istardim.

Abdurazzoq SULTONOV,
Samarqand tumani Qoziariq mahallasi 215 uy.”