«Mongol Rally» aksiyasi ishtirokchilari Samarqandda

Italiyaning «Cool Earth» xalqaro nodavlat notijorat tashkiloti tomonidan uyushtirilgan «Mongol Rally-2019» xayriya aksiyasi ishtirokchilari Samarqand shahriga yetib keldi.

Joriy yilning 21 iyulida Italiyadan yo‘lga chiqib, Avstriya, Chexiya, Slovakiya, Vengriya, Ruminiya, Serbiya, Bolgariya, Turkiya, Gruziya, Ozarbayjon, Eron, Turkmaniston orqali 12 ming kilometr yo‘lni avtoulovda bosib o‘tgan italiyalik poygachilarni Registon maydonida viloyat jamoatchiligi vakillari kutib olishdi.

- Nodavlat notijorat tashkilotimiz yuqolib borayotgan o‘rmonlarni asrash, Yer sayyorasining global isish jarayonining oldini olish, dunyo xalqlarining ekotizimga munosabatini o‘zgartirish ishlari bilan shug‘ullanadi, - deydi italiyalik Dennis Peski. – Shuningdek, mamlakatlar bo‘ylab obodonlashtirish borasidagi loyihlarimizni targ‘ib etamiz.

O‘zbekistonning tabiati, xalqining mehmondo‘stligi va samimiyligi bizda katta taassurot uyg‘otdi. Yurtingizning tarixiy obidalari, sayyohlik salohiyatini keyingi borar manzillarimiz – Tojikiston, Qirg‘iziston, Qozog‘iston, Rossiya, Xitoy va Mo‘g‘ulistonda, qolaversa, Yevropaning boshqa mamlakatlariga ham tanitishni ko‘nlimizga tugib qo‘ydik.

Eslatib o‘tamiz, Italiyaning mazkur xalqaro nodavlat notijorat tashkilotining loyihasi asosida 3 million AQSh dollarlik investitsiya jalb qilinib, Bulung‘ur tumanida «Vitis Dominius» xorijiy korxonasi tashkil etilgan. Bu korxonada tomchilatib sug‘orish bo‘yicha Italiya texnologiyalari asosida landshaftbop o‘simliklar, ko‘p yillik mevali va manzarali daraxtlar, noyob gul ko‘chatlari yetishtirilmoqda.