"Muallimlik – umrim mazmuni"
Murodjon bilan tengdoshmiz, buning ustiga bir joydanmiz. Shu sababli uni yaxshi taniyman, hurmat qilaman, keksa holida ham shijoat bilan yurishiga havas qilaman.
«Bir nuroniy o‘n yoshga mas’ul» respublika ko‘rik-tanlovining Paxtachi tumani bosqichida hammani hayron qoldirib, g‘olib chiqqanida o‘zidan ko‘p quvondim. Chunki u tabiatan shunday. Keyinchalik eshitsam, tanlovning viloyat bosqichida ham ikkinchi o‘rinni qo‘lga kiritibdi.
Aslida bu yutuq bejiz emas. Go‘ro‘g‘li mahallasidagi bu oilani endilikda ko‘pchilik taniydi. Chunki Muhammadi Eshqobilov shu yerdagi maktabda uzoq vaqt muallimlik va direktorlik qilgan. To‘lg‘onoy opa ham qishloqning fidoyi ayollaridan edi. Ammo ularning oila tutumidagi saranjomligi, kamtarligiga hamma havas qilardi. Murodjon ana shu muhitda o‘sib-ulg‘aydi, maktablarda ham a’lo baholarga o‘qidi. O‘sha paytlar aniq va tabiiy fanlarda o‘qish har kimning qo‘lidan kelmas edi.

Biroq, Murodjon SamDU fizika fakultetiga o‘qishga kirdi. Kursdoshlaridan eshitganman, hamqishlog‘im talabalikda tengqurlarining oldi bo‘lgan. Uni 1974 yilda Toshkentdagi Yadro fizikasi institutida ishlab chiqarish amaliyotini muvaffaqiyatli o‘tagan paytda, o‘sha yerga ishga taklif etishgan. Faqat ota-onasining xohishiga ko‘ra rejasini o‘zgartirgan. Baribir iqtidorli talaba 1975 yilda bitiruv diplom ishini ustozi, taniqli olim Tolib Mo‘minov rahbarligida Dubnadagi xalqaro ilmiy-tadqiqot institutida tayyorlagan va uni muvaffaqiyatli himoya qilgan.
Demoqchimanki, agar insonning maqsad-muddaosi ayon bo‘lsa, umri ham mazmunli kechadi. Qaysi yo‘nalishda ishlashdan qat’i nazar, ishtiyoqini ishga sola biladi, o‘ziga ham, el-yurtga ham foydasi tegadi. Murodjon ana shunday zakovatli, omadli yigitlardan. Shuning uchun ham bugun uni nafaqat Sultonobod qishlog‘ida, tumanda ham ko‘pchilik yaxshi taniydi.
Gapni nuroniylik mas’uliyati haqida boshlagan edim. Maqolamiz qahramoni «Bir nuroniy o‘n yoshga mas’ul» harakatida o‘zini ko‘rsata oldi. Muallimning o‘g‘li va muallim bo‘lganligi uchun bolalar tarbiyasiga e’tibori uning ko‘ngil ishi. O‘zi esa «Muallimlik – umrimning mazmuni» deb, g‘urur bilan yashaydi. Birovning kamchiligini ko‘nglini og‘ritmasdan aytadi, to‘g‘ri yo‘l ko‘rsatishda ham birovni ishontira oladi. Ana shu xislatlari bois mahallada ko‘pchilik yoshlarga nafi tegdi. Ish bilan band bo‘lmagan, ijtimoiy himoyaga muhtoj, huquqbuzarlikka moyil yoshlar o‘rtasida samimiy muloqotlar olib bordi. Hatto qo‘shimcha darslar o‘tdi, kitoblar sovg‘a qildi, o‘z hayotidan gapirib berib, ularni tartib-intizomga, ilm olishga chorladi. Bundan tashqari, qishloqning oliy o‘quv yurtida tahsil olayotgan ikki nafar talabasiga shartnoma to‘lovlarini to‘lashda ko‘mak uyushtirdi. Yana ikki nafar yoshni qisqa muddatli kurslarda kasb-hunarga o‘qitdi. Ikki nafariga esa chorvachilik hamda tikuvchilik bilan shug‘ullanishlari uchun imtiyozli kreditlar ajratilishiga erishdi. Diplomni olib, qishloqqa qaytgan yana bir mutaxassisni ishga joylashtirish choralarini ko‘rdi.
– Fe’lim shunaqa: o‘qishga intilgan, odobli bolalarga jonimni bergim keladi. Tarbiyaning eng yaxshi usuli to‘g‘ri yo‘lga kirgan bolalar orqali ularning tengdoshlariga ta’sir qilishdir, - deydi M.Eshqobilov. – Shuning uchun ham faol o‘spirinlar bilan mashg‘ulot o‘tishni yaxshi ko‘raman.
Darvoqe, shu o‘rinda Murodning maktablarda ishlagan paytidagi yutuqlarini ham aytmasam bo‘lmas. Maktabdaku mayli, hatto darsdan keyin ham uning huzuriga maslahat so‘rab keladigan o‘quvchilar ko‘p edi. Chunki muallim aniq va tabiiy fanlarni o‘qitishda o‘ziga xos maktab yaratdi. Bu xizmati uchun o‘sha paytda viloyat xalq ta’limi boshqarmasi uni Mirzo Ulug‘bek nomidagi mukofot bilan ham taqdirladi. 2000 yilda esa M.Eshqobilov II darajali «Sog‘lom avlod» uchun ordeniga munosib ko‘rildi.
Murod hayotiy tajribasi, pedagogik mahorati sababli bolalarga ta’sir ko‘rsatish yo‘llarini yaxshi biladi. Unga bu borada yana bir xislati yordam beradi. Do‘stim juda ko‘p kitob o‘qiydi, maqolalar yozadi. Davralarni ko‘rkli olib boradi. Xususan, Alisher Navoiy g‘azallarini adabiyot muallimlaridan yaxshiroq yoddan aytib beradi. Abdulla Qodiriyning «O‘tkan kunlar», O‘tkir Hoshimovning «Bahor qaytmaydi», O‘lmas Umarbekovning «Odam bo‘lish qiyin», Shuhratning «Oltin zanglamas» singari asarlaridan parchalar, monologlar ijro etib, davralarga fayz kiritadi. Ba’zan uning to‘xtovsiz uzoq vaqt she’rlar o‘qishiga havas qilaman.
“Go‘ro‘g‘li” mahalla fuqarolar yig‘ini raisi Hamza O‘roqov ham do‘stimning bu faolligiga o‘rganib qolgan: har bir masalada u bilan maslahat qiladi. Shuning uchun Murod mahalladagi hasharlarda, obodonchilik ishlarida faol qatnashadi. Ayniqsa, to‘y-ma’rakalarni tartibli va isrofgarchiliksiz o‘tkazish targ‘ibotida mahallaga katta yordam beryapti. Bu masalada, avvalo, o‘zining oilasi orqali ibrat ko‘rsatyapti. Umr yo‘ldoshi Oliyaxon bilan besh nafar farzandni zamonaga munosib qilib tarbiyalashdi. Yo‘q, ular otasi kabi amalning, boylikning ortidan chopishmadi, o‘zlariga munosib kasbni, mutaxassislikni egallashdi va har biri o‘z ish joyida kamtarona ishlayapti.
Mahalla bo‘lgandan keyin har xil odamga duch kelasiz. Ayniqsa, ma’naviy madadga muhtoj odamlar ko‘nglini olish oson emas. Ularga Murod muallim kabi fidoyi insonlar faoliyati orqali ta’sir ko‘rsatish samara bermoqda. Aslida do‘stimizning hayotdagi qadri ham ana shu fazilatida, jamiyatga zarur bo‘lgan ana shu taqdiridadir.
Olim Xo‘jayev,
Paxtachi tumani.