Muammo fuqaro va ta’minotchi o‘rtasida bo‘lgan
Xalq banki jurnalistdan qo‘pol munosabatda bo‘lgani uchun uzr so‘radi
Ijtimoiy tarmoqlarda “Payariq tumanida istiqomat qiluvchi fuqaro Xalq bankining tuman filialidan imtiyozli kredit olishda sarson bo‘lmoqda, vaziyatni o‘rganishga borgan jurnalist bankdan nega haydab chiqarildi?” sarlavhasi ostida videolavha tarqaldi.
Xalq banki tomonidan ushbu holat bo‘yicha o‘rganish olib borildi va quyidagilar ma’lum bo‘ldi:
Haqiqatan ham, Payariq tumanida istiqomat qiluvchi fuqaro I.Kayimova Xalq bankining mazkur tumandagi filialiga imtiyozli kredit olish uchun murojaat qilgan. Natijada belgilangan tartibda I.Kayimovaga tikuvchilik faoliyati bilan shug‘ullanishi uchun kredit ajratilgan.
Ammo fuqaro ta’minotchi korxona bilan kelishib, go‘yoki kredit hisobiga tikuv mashinalari olib kelinganligini ko‘rsatgan va bank xodimlarini aldab, kredit mablag‘ini ta’minotchi korxonaning hisob raqamiga o‘tkazishga erishgan. I.Kayimovaning videolavhadagi e’tirozlari ta’minotchi korxonaga qaratilgan. Ushbu holat bo‘yicha kredit maqsadsiz sarflanganligi aniqlanib, huquqiy baho berish maqsadida hujjatlar tuman prokuraturasiga taqdim qilingan.
Shuningdek, vaziyatni o‘rganish maqsadida bank filialiga tashrif buyurgan jurnalistdan unga nisbatan qo‘pol munosabatda bo‘lganligi uchun uzr so‘raymiz. Bunga yo‘l qo‘ygan mas’ul xodimga esa intizomiy jazo chorasi qo‘llanilganligini ma’lum qilamiz.