Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Xalq banki pensiya va nafaqa oluvchilarga murojaat qildi

Xabaringiz bor, koronavirus pandemiyasi davrida kasallik yuqish ehtimolini kamaytirish maqsadida Respublika maxsus komissiyasi qarori bilan vaqtinchalik chora sifatida pensiya va nafaqa pullarini to‘lash tartibini naqdsiz shaklga (plastik kartalarga) o‘tkazilayotgan edi.

Joriy yil 13 may kuni davlat rahbarining topshirig‘i bilan ayrim pensionerlarimizning e’tirozlari hisobga olinib, pensiya va nafaqa pullari yana naqd shaklda beriladigan bo‘ldi.

Iyun oyidan boshlab Xalq bankining sayyor kassa xodimlari mahalliy hokimiyat organlari tomonidan tasdiqlangan to‘lov grafiklari asosida har oyning 4-sanasidan 27-sanasiga qadar karantin talablariga qat’iy rioya qilgan holda pensiya va nafaqa pullarini naqd shaklda fuqarolarning yashash manzillariga yetkazib beradi.

Hurmatli pensiya va nafaqa oluvchilar! Pensiya va nafaqa pullaringiz belgilangan muddatlarda karantin qoidalariga rioya qilingan holda, sterillangan pullar alohida paketlarga solinib, uyingizga yetkaziladi. Shuning uchun, mavjud karantin holatini inobatga olib, uyingizda qolishingizni, pensiya pullarini so‘rab bank filiallariga bormasligingizni, pensiya tarqatish uchun kelgan sayyor kassa mashinalari oldida to‘planmasligingizni so‘raymiz.

Hurmatli pensiya va nafaqa oluvchilar, pensiya tarqatish ro‘yxatlari va qaydnomalari (vedomostlar) sayyor kassa xodimlarining qo‘lida bo‘lishi, ular esa har kuni mahallalarda pensiya tarqatish bilan band bo‘lishi, ya’ni pensiya va nafaqangizni olganligingizni tasdiqlab imzo qo‘yishingiz kerak bo‘lgan qaydnomalar (vedomostlar) bankda bo‘lmaganligi sababli sizga pensiya pulingizni filiallarda berishning imkoni yo‘q. Shu bois uyingizda qoling, biz sizning pensiya pulingizni uyingizga yetkazamiz.

Yana shuni ham ta’kidlashni istardikki, pensiya va nafaqa pullari pensiya jamg‘armasi tomonidan Xalq bankiga taqdim etilgan qaydnomada (vedomostda) ko‘rsatilgan manzil asosida olib borib beriladi. Yashash manzilingiz o‘zgarganda tuman (shahar) pensiya jamg‘armasiga murojaat qilishingizni so‘raymiz.

Eslatma, pensiya va nafaqa bilan bog‘liq savollaringiz bo‘lsa, kechayu kunduz ishlayotgan 11-06 yoki (71) 210-20-02 «Ishonch telefonlari»ga qo‘ng‘iroq qilishingiz mumkin. Shuningdek, barcha hududiy filiallarimizga ham telefon orqali murojaat qilishingiz mumkin.

Xalq bankining Samarqand viloyatida mijozlar bog‘lanishi mumkin bo‘lgan telefon raqamlari: (66) 237-86-22, (66) 237-86-01