Murodali akaning mas’uliyati
Mustaqilligimizning 33 yilligi munosabati bilan Davlat mukofotiga sazovor bo‘lganlardan biri Samarqand shahridagi «Maroqand obod» davlat unitar korxonasi maxsus avtomashina haydovchisi Murodali Mamatqulov. U “Do‘stlik” ordeni bilan taqdirlandi.
Tajribali haydovchi Murodali Mamatqulov qariyb 10 yildan buyon Samarqand shahridagi “Maroqand obod” DUKda maxsus transportni boshqarib keladi.
- Qadimiy va go‘zal shahrimizni chiqindilardan tozalash mas’uliyatli ish hisoblanadi, - deydi Murodali aka. – Chunki, kuniga minglab sayyohlar keladigan maskan toza va saranjom-sarishta bo‘lishi kerak. Agar biror kun ishga chiqmasak, maishiy chiqindilar ko‘payib ketsa, aholida norozilik paydo bo‘ladi. Shu sababli kuniga mahallama-mahalla yurib 20-25 tonnagacha chiqindini markaziy chiqindi poligoniga tashib olib boraman. Brigadamizning barcha a’zolari o‘z ishlariga e’tibor bilan qarashadi.
Pastdarg‘omlik Murodali aka kasbining fidoyisi sifatida “Ish quroling soz bo‘lsa, mashaqqating oz bo‘lur” naqliga amal qiladi. Shuning uchun uning boshqaruvida bo‘lgan maxsus texnika doimo toza va ozoda, doim soz holatda ishga shay turadi. Malakali haydovchi kuniga o‘rtacha 700-800 kilometr yo‘l bosib, 8-10 ta mahalladagi to‘plangan chiqindilarni olib ketadi. Korxona rahbariyati tomonidan berilgan topshiriqlarni o‘z vaqtida sifatli, halol va maromiga yetkazib bajarib, boshqa hamkasblariga o‘rnak bo‘lib kelmoqda.
Oilasida ko‘pchilik undan o‘rnak olib shu sohada mehnat qiladi. Ukasi Dilshod akasining yonida ishlasa, yana bir ukasi Shuhrat va o‘g‘li Xurshid Samarqand obodonlashtirish boshqarmasida maxsus mashinalarni boshqaradi. Xullas, ular tozalik posbonlari orasida mehnat qilayotgan oilaviy sulolalardan biri hisoblanadi.
Murodali aka ustoz sifatida yoshlarga o‘z kasbi sir-asrorlarini erinmay o‘rgatib keladi. Korxonada o‘tadigan tadbirlar, mahalladagi hashar, to‘y-ma’rakalar usiz o‘tmaydi. Kam ta’minlangan, boquvchisini yo‘qotganlar, yakka-yolg‘iz keksalar holidan xabar olib turadi.
- Akamni izidan borib biz ham kam bo‘lmadik, -deydi ukasi Shuhrat Mamatqulov. – Qator yillardan buyon Samarqand shahrini obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirish ishlariga o‘z hissamizni qo‘shib kelyapmiz. Uni o‘z kasbiga nisbatan hurmati baland. Shogirdlariga ham o‘z sevgan kasbiga mehr qo‘yib ishlashsa, oilasiga qut-baraka olib kelishini doim ta’kidlab keladi.
2022 yilda Samarqandda o‘tkazilgan ShHTning navbatdagi xalqaro sammitiga tayyorgarlik ko‘rish va o‘tkazish jarayonida M.Mamatqulov o‘z mashinasi va jamoa a’zolari bilan 200 gektardan ortiq yashil maydonlarni chiqindilardan tozalash ishlarida jonbozlik ko‘rsatdi.
- Samarqand shahrida bironta xalqaro anjuman yoki tadbirlar o‘tkaziladigan bo‘lsa, biz ham tashvishga tushib qolamiz, - deydi “Do‘stlik” ordeni sohibi Murodali Mamatqulov. – Chunki, tadbirlar sabab minglab ishtirokchilar kelib shahrimizdagi qadimiy osori-atiqalari, qadamjolarini ziyorat qiladi, mahalla va ko‘chalarni aylanib, xalqimizning yashash-sharoitlari bilan tanishadi. Toza va sarishtali ko‘cha va uylarimizni ko‘rib bahri-dili ochiladi va chiqindilardan xoli yurtimizga baho berishadi.
Har kuni hali quyosh chiqmasidan “Maroqand obod” DUKning avtosaroyi darvozasidan yuzdan ziyod maxsus transportlar qatorlashib chiqib ketadi va mahallalar oralab, go‘yoki qumga tushgan tomchi suvdek singib ketadi. Ularning o‘zlariga birkitilgan mas’uliyatli vazifasi bor. Murodali aka boshqarayotgan maxsus mashina hamda brigadasi a’zolari ham el oldidagi xizmatni bajarish uchun yo‘lga otlanishgan...
Dilmurod TO‘XTAYeV.