“Murojaatlar e’tiborda bo‘lsa, muammo qolmaydi”

Yoxud pastdarg‘omliklar bayramni qanday kutib olayotgani xususida qaydlar

"Bir necha yildan buyon toza ichimlik suviga muhtoj edik. Murojaatlarimizga faqat “Dasturga kiritiladi”, degan mazmundagi javob olish uchun ham oylab kutishga to‘g‘ri kelardi.

Bir oy burun shu masalada tuman hokimi qabuliga qayta kirdik. Shu kuni tuman rahbari qishloq ahli bilan muloqot o‘tkazdi. Ko‘tarilgan masala atroflicha muhokama qilindi – aholi barobarida mutaxassislarning fikrlari tinglandi, byudjetdan amalga oshiriladigan ishlar xomcho‘t qilindi.

Rost, ishlar bu tarzda tezlashib ketishini kutmagandik. Bugun hududdagi suv inshootida “YeSV 8-25-100” markali suv nasosi ishlab turibdi. Yillar davomida yechilmagan masala qisqa vaqtda ijobiy hal etilganidan minnatdormiz".

Jag‘alboyli mahallasining bir guruh fuqarolari.

Bu tuman hokimligiga kelgan o‘nlab xatlardan biri, xolos. To‘g‘risi, keyingi paytda ayrim mas’ullarning e’tiborsizligi oqibatida Past Darg‘om ko‘plab yechimsiz masalalar bo‘yicha respublika darajasida “tanilib” qolgandi. Buning ortidan Prezident virtual qabulxonasi, viloyat hokimligi va boshqa korxona-tashkilotlarga murojaatlar soni bo‘yicha tuman “birinchilikni hech kimga bermayotgani” qayta-qayta eslatilardi...

Murojaati yechimidan mamnunlik mazmunidagi xatlar kela boshlagani bejizga emas. Shu kecha-kunduzda tumanda amaldagi hokim faoliyat boshlaganiga ikki oyga yaqinlashdi. O‘tgan qisqa vaqt mobaynida qanday o‘zgarishlar bo‘lyapti?

“Muammolarni qancha bo‘lsa, o‘zimiz yechamiz. Turli darajadagi idoralarga yo‘llangan har qanday talab shu yerda hal bo‘ladi. Shunday ekan, har bir masalani qisqa vaqt ichida va sifatli hal etish har birimizning burchimiz ekanligini unutmasligimiz kerak!

Demoqchimanki, fuqaro murojaati e’tiborda bo‘lsa, ishimizda unum bo‘ladi, davlatimiz rahbari aytganidek, “Xalqimiz bizdan rozi bo‘ladi”.

Hokimning birinchi talabi shu bo‘ldi, nafaqat hokimlik, hududdagi barcha davlat idoralari ishi shu talab asosida tashkil qilindi. Kunlik so‘rov yo‘lga qo‘yildi, natija bo‘lmagan murojaat “yopilmadi”.

Natija shunga yarasha bo‘ldi: o‘tgan vaqt davomida Prezident virtual qabulxonasiga pastdarg‘omliklar murojaati ellik, viloyat hokimining telegram messenjeriga qirq, turli darajadagi boshqa idoralarga oltmish foizga kamaydi. Aksincha, tuman hokimining telegramm messenjeriga (joriy yil 29 iyunda ochilgan) murojaatlar ko‘paydi.

Tahlillarga ko‘ra, qirq kunda tuman aholisidan 1182 ta turli mazmundagi murojaat kelib tushgan. Ushbu murojaatlarning 92 foizi ijobiy hal etildi. Qolganlari bo‘yicha qonuniy tushunchalar berildi. Bor-yo‘g‘i 94 ta murojaat mablag‘ va muddat talab qilganligi sababli ko‘rib chiqish jarayonida turibdi.

Misol uchun, toza ichimlik suvi masalasidagi murojaatlar bo‘yicha Baxshivoyi mahallasida 1600 metr, Go‘zalkent mahallasidagi 2 ta suv inshooti ta’mirlanib, 6 kilometr quvur tortildi. Xonchorbog‘, Qoqsoy, Temirxo‘ja mahallalarida ham suv inshootlari ta’mirlanib, tarmoq tortish ishlari amalga oshirildi.

Kimyogarlar, Kamolot, Turkman, Balxiyon, Shombuloq mahallalarida tabiiy gaz ta’minotini yaxshilash uchun rekonstruksiya ishlari olib borildi.

Tuman elektr tarmoqlari korxonasi tomonidan shu kungacha 29 ta transformator punkti hamda 74,2 kilometr elektr uzatish tarmoqlari mukammal ta’mirlandi. Bundan tashqari, 91 ta temirbeton tayanchlari o‘rnatilib, 2,3 kilometr SIP kabellari tortildi.

Bularning barchasi aholi murojaatlari asosida amalga oshirilgan ishlar. Muhimi, odamlarni rozi qilishga qaratilgan bu ishlarni boshqa soha va yo‘nalishlarda qayd qilish mumkin. Jumladan, bugungacha 191,5 kilometr ichki yo‘llarga tosh-shag‘al aralashmasi yotqizildi. Oltiqahramon mahallasida 1,5 kilometr piyodalar yo‘lakchasi qurib bitkazilgan bo‘lsa, yana 8 ta mahalla ichki yo‘llarini ta’mirlash ishlari olib borilmoqda. Juma shahriga 250 ta ko‘cha chiroqlari o‘rnatildi.

Albatta, talablar orasida aholini ish bilan ta’minlash ham asosiy o‘rin tutadi. Bu borada ham aniq reja asosida faoliyat olib borilmoqda.

Xususan, viloyat delegatsiyasi tarkibida tuman vakillari yaqinda Xitoy davlatiga xizmat safarida bo‘lishdi. Safar davomida “Gungdong nova international bissiness service” korxonasi bilan hamkorlikda qurilish materiallari, mebelchilik va boshqa sohalarga investitsiya jalb qilish bo‘yicha 40 million dollarlik memorandum imzolandi. O‘tgan vaqt ichida 13,3 million dollarlik xorijiy investitsiya mablag‘lari o‘zlashtirildi.

Bundan tashqari, Kamolot mahallasi va Kimyogarlar qo‘rg‘onidagi bo‘sh turgan 173 ta noturar ob’yektning faoliyati o‘rganilib, qiymati 795 milliard so‘mlik 101 ta yangi loyiha shakllantirildi.

Qayd qilinganlar ortidan tumanda 1300 ga yaqin yangi ish o‘rinlari yaratilishi ko‘zda tutilmoqda.

Darqove, tumanda ayni paytda davlat dasturlari asosida 14 ta maktab, 1 ta bog‘cha ta’mirlanyapti. “Tashabbusli byudjet” orqali esa bitta sportzal, 5 ta ko‘p qavatli uy-joy qurilishlari tez orada poyoniga yetkaziladi. Yana bir muhim tomoni, bayram oldidan keng ko‘lamli obodonlashtirish ishlari boshlab yuborilgan. Hozirgacha ko‘chalarga 30 mingdan ziyod gul ko‘chatlari ekildi. Bu xayrli ishlar eng ulug‘ va eng aziz bayram - Mustaqillik tantanalarigacha jadal davom ettiriladi.

Buyuk MURODULLAYeV.