Namanganda “ZAGS” paytida yo‘lning qarama-qarshi tomoniga chiqqan "Neksiya" yuk mashinasi tagiga kirib ketdi (video)

2019 yil 17 oktyabr kuni telegram ijtimoiy tarmog‘ining “Avtopatrul.uz” kanali orqali “Namanganda Zaks paytida yo‘lning qarama-qarshi tomoniga chiqqan neksiya Man yuk mashinasi tagiga kirib ketdi” nomli videolavha tarqatilgan edi.

Ichki ishlar vazirligi matbuot xizmati bergan ma’lumotga ko‘ra, ushbu holat 2019 yil 29 sentyabr kuni soat 11.30 larda davlat raqami belgisi 50 O 524 SA bo‘lgan “Neksiya” rusumli avtomashina haydovchisi to‘y munosabati bilan guruh bo‘lib harakatlanayotgan transport vositalari tarkibida boshqarib ketayotganda sodir bo‘lgan.

Mazkur avtomashina Namangan viloyatining Uchqo‘rg‘on tumanidagi “Uchqo‘rg‘on-Burilma” avtomobil yo‘lining 23-kilometrida harakat xavfsizligini ta’minlay olmay, boshqaruvini yo‘qotib, yo‘lning qarama-qarshi tomoniga chiqib ketgan va o‘z yo‘nalishida harakatlanib kelayotgan “MAN” rusumli avtomashinaga borib urilgan. Oqibatda “Neksiya” haydovchisi va uning yo‘lovchisi tan jarohati olib, shifoxonaga yotqizilgan.

Mazkur holat yuzasidan Uchqo‘rg‘on tumani IIB huzuridagi tergov bo‘limi tomonidan tergov harakatlari olib borilmoqda.

Shuningdek, “Ana shunday mudhish holatlarni tasvirga tushirib, internet tarmoqlarida tarqatayotgan fuqarolarimizga murojaatimiz shuki, o‘zgalarning musibatini tasvirga olib, ovoza qilgandan ko‘ra, jabrlanganlarga yordam qo‘lini cho‘zsalar maqsadga muvofiq bo‘lar edi”, deb ta’kidlagan IIV.