Noqonuniy daraxt kesish holati haqda xabar bergan fuqarolarga pul mukofoti beriladi

Prezident Farmoni bilan davlat o‘rmon fondiga kirmaydigan daraxtlar va butalar qimmatbaho navlarining kesilishiga moratoriyning amal qilishi muddatsiz davrga uzaytirilgani haqda xabar bergandik.

Mazkur hujjatga asosan, noqonuniy daraxt kesish haqda tegishli idoralarga xzabar bergan fuqarolar rag‘batlantirilishi ham ko‘zda tutilgan.

Farmonga ko‘ra, 2022 yil 1 apreldan aholi tomonidan Ichki ishlar vazirligi va Davlat ekologiya qo‘mitasining maxsus axborot tizimiga yuborilgan, daraxtlar, butalar, boshqa o‘simliklar va nihollarni qonunga xilof ravishda kesish, kundakov qilish, shikastlantirish, yo‘q qilish yoki boshqa joyga ko‘chirib o‘tkazish bo‘yicha huquqbuzarliklar haqidagi fotosurat va videoyozuvlar maxsus avtomatlashtirilgan foto va video qayd etish texnika vositalari orqali qayd etilgan huquqbuzarliklar holatlari aks ettirilgan fotosurat va videoyozuvlarga tenglashtiriladi hamda Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksda belgilangan tartibda ko‘rib chiqiladi.

Huquqbuzarlik holatlari to‘g‘risidagi fotosurat va videoyozuvlarni yuborgan shaxslar har bir tasdiqlangan holat bo‘yicha huquqbuzardan undirilgan mablag‘lar hisobidan bazaviy hisoblash miqdorining 1 baravariga teng miqdordagi pul mukofoti bilan rag‘batlantiriladi.

Huquqbuzarlik holatlari to‘g‘risidagi xabarlar “102” tezkor qisqa raqami yoki “Ekonazorat” axborot tizimi orqali qabul qilinadi.