Samarqand shahrida 31 ta noyob daraxt kesib olingan
Daraxtlar noqonuniy tarzda kesib tashlanishi oqibatida tabiatga 260 620 000 so‘m zarar yetkazilgan.
Viloyat ekologiya boshqarmasi axborot xizmati xabariga ko‘ra, holat Samarqand shahar “Bog‘imaydon” mahalla fuqarolar yig‘inida joylashgan 16-sonli maktabgacha ta’lim tashkiloti hududida aniqlangan. Bu yerda qo‘shimcha 150 o‘rinli bino qurish va hududda qayta qurilish ishlarini olib borayotgan “Samarqand maxsus suv drenaj” MChJ tomonidan ta’lim tashkiloti hududida mavjud qimmatbaho navlari ro‘yxatiga kiritilgan 31 tup, diametri 6,6 sm.dan 24,5 sm.gacha bo‘lgan Eldor qarag‘ayi va diametri 27,0 sm bo‘lgan 1 tup kam qimmatli terak noqonuniy ravishda qurilishi rejalashtirilgan binoning qurish ishlarini boshlash uchun yer osti qismini qazish vaqtida (kotlovan) kesib tashlangan va ildizlari yo‘q qilingan.
“Mazkur holatda o‘simlik dunyosiga yetkazilgan zarar miqdorida jinoyat alomatlari borligi sababli aybdor shaxslarga nisbatan qonun talablariga muvofiq tegishli hujjatlar rasmiylashtirilib, huquqni muhofaza qiluvchi organlariga taqdim etildi”, deyiladi xabarda.